2005-yilning 14-yanvar kuni Yevropa kosmik agentligi yaratgan “Gyuygens” zondi Saturnning eng yirik yo‘ldoshi bo‘lmish Titan sirtiga ohista qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qo‘nish hozircha Quyosh tizimidagi obyektlar orasida eng olisdagi qo‘nish bo‘lib, tashqi sayyoralar va yo‘ldoshlarga qo‘nish borasida hozircha insoniyatning yagona natijasidir. “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov bu voqea haqida hikoya qiladi.

Saturn – Quyosh tizimidagi eng taniqli sayyora bo‘lib, uning nafaqat halqasi borligi, balki eng ko‘p tabiiy yo‘ldoshga egaligi bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Saturnning hozirgacha 82 ta tabiiy yo‘ldoshi aniqlangan (ma’lumot uchun, Yerning faqat bir dona tabiiy yo‘ldoshi – Oy mavjud). O‘sha 82 ta yo‘ldoshdan eng kattasi va muhimi Titan bo‘lib, u butun Quyosh tizimidagi yo‘ldoshlar orasida kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Titanning eng muhim jihati – u yo‘ldoshlar ichida o‘z atmosferasiga ega bo‘lgan yagona yo‘ldoshdir. Quyosh tizimida faqat Yerda va Titanda suyuqlikning aylanma harakati kuzatiladi. Ya’ni bunda suyuqlik bug‘lanib, yuqoriga bulutlar tarzida ko‘tarilib, keyin boshqa joyga qor va yomg‘ir tarzida yog‘adi va daryolar orqali yana, dengiz, okean va ko‘llarga qaytadi. Yerda bu suyuqlik oddiy suv bo‘lsa, Titanda suyuq metan moddasidir. Aynan shu jihatlar tufayli Titan astrofiziklar uchun eng qiziqarli o‘rganish obyekti hisoblanadi. Olimlar Quyosh tizimida Yerdan tashqarida mabodo biror joyda hayot mavjud bo‘lsa, bunga birinchi nomzod albatta Titan bo‘ladi deb hisoblaydi.

Titan.

Foto: NASA

Yuqoridagi omillarni e’tiborga olgan holda tashqi sayyoralar tarafdagi birinchi va hozircha yagona qo‘nish aynan Titanga amalga oshirilgani bejiz emas. Titanga tomon yo‘lni “Gyuygens” apparati olis 1997-yilda boshlandi. U NASA’ga tegishli “Kassini” sayyoralararo avtomat stansiyasi bortida sayohatga chiqdi. Kassini apparati Saturnga 2004-yil so‘ngida yaqinlashdi va 25-dekabr kuni “Gyuygens” zondi “Kassini”dan ajralib, Titan tomonga yo‘l oldi. 14-yanvar kuni esa olimlar zondni nihoyat Titanga qo‘ndirish ishlarini boshladi. Zond Titan atmosferasi bo‘ylab 2 soat 28 daqiqa mobaynida ichkariga tushib bordi va qandaydir yumshoq qatlamli yuzaga ohista qo‘ndi. Bu juda ulkan muhandislik muvaffaqiyati bo‘lib, odamzot o‘zidan milliardlab kilometr naridagi begona obyektga bu qadar aniq qo‘nishni birinchi marta uddaladi.

“Gyuygens” qo‘ngan joy xuddi yangi yoqqan qor yoki nam tortib qolgan tuproqqa o‘xshash tuzilishga ega edi. Olimlar uni ehtimoliy metan dengizi yoki okeanga kelib tushishi variantini ham inobatga olib yasagan bo‘lsa-da (shu sababli uning konstruksiyasi qayiqqa ham o‘xshab ketadi) hammasi kutilganidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lib chiqdi.

Titan Saturn fonida.

Foto: NASA

Sirtida −170 ℃ harorat va metan-etan daryolari mavjud bu obyekt kosmik apparatlarni qo‘ndirish uchun qulay zichlikka ega atmosferasi bilan ham ahamiyatlidir. Titan atmosferasi asosan azotdan iborat bo‘lib, uning zichligi parashyut ochilishi va ohista tushib bora olishi uchun yetarli darajada ekani ham ahamiyatlidir.

Zond.

Foto: NASA

“Kassini” Titan sathida tushib borish jarayonida yo‘l-yo‘lakay uning atmosferasi haqida ham muhim ma’lumotlar yig‘ib, Yerga uzatib bordi. U atmosfera bosimi, kimyoviy tarkibi, shamollari yo‘nalishi va albatta harorati haqida axborot uzatdi. Titan atmosferasida bosim Yer atmosferasinikidan 1,5 barobar yuqori ekanini olimlar o‘shanda bilib olgan. Sirtdan 80 kilometr balandlik masofasida esa kuchli shamol turganini ham aniqlangan. Va, albatta, datchiklar yiqqan ma’lumotdan tashqari, “Kassini” fotokamerasi Yerga ko‘plab fotosuratlarni jo‘natgan. Jami 350 suratdan iborat 500 megabayt atrofidagi foto-hisobot “Gyuygens”ning yerlik olimlarga yuborgan eng katta sovg‘asi bo‘ldi. Ular orqali biz Titan manzarasi bilan tanishdik va u haqiqatan ham suyuq daryo va ko‘llarga ega o‘zgacha olam ekanini bilib oldik. U yuborgan atrof manzarasida asosan toshlar ko‘rinadi. Bu toshlar ham Yerdagi sohillarda uchraydigan toshlar singari suyuqlik ta’sirida shaklan sayqallanganligi bilinib turibdi. NASA 2017-yilda o‘sha fotosuratlar asosida Titanga qo‘nish jarayoni aks etgan video hosil qilib, tarmoqqa joylagan edi. Ushbu havola orqali siz ham mazkur tarixiy jarayon qanday sodir bo‘lganini ko‘rishingiz mumkin.

O‘shanda Titanga qo‘nishdan keyin Nature jurnali darhol shov-shuvli press-relizlarga to‘lib ketgandi. Aytish joizki, oradan 15 yil o‘tgan bo‘lsa-da, “Gyuygens”ning o‘sha qisqa missiyasi yuborgan ma’lumotlar hozirda ham yirik ilmiy ishlar uchun material sifatida o‘rganilmoqda va hali yana ko‘p yillar mobaynida shunday bo‘lib qolaveradi. Chunki Titanga va umuman Quyosh tizimining tashqi obyektlariga yana shu singari qo‘nish hali rejalashtirilayotgani yo‘q.

P.S.: Apparat bejiz “Gyuygens” deb nomlanmagan. Bu Saturnning halqalarini va Titan yo‘ldoshini kashf etgan golland olimi Xristian Gyuygens (1629–1695) sharafiga qo‘yilgan nom. “Kassini” esa Saturn halqalari tadqiqotchisi va uning Titandan keyingi yana to‘rtta tabiiy yo‘ldoshini kashf qilgan astronom Jovanni Kassini sharafiga nomlangan.