Konstitutsiya islohoti haqida

Foto: Meduza

Rossiya prezidenti lavozimiga mamlakatda kamida 25 yil istiqomat qilgan va hech qachon chet el fuqaroligi yoki chet elda yashash guvohnomasi bo‘lmagan odamlar saylanishi mumkin. Rossiya hududlari rahbarlari, parlament va hukumat a’zolari, sudyalar ham boshqa davlat hududida doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatlarga ega bo‘lmasligi kerak. Prezident lavozimini bir kishi ketma-ket ikki muddatdan ortiq egallashi mumkin emasligi haqidagi tartibni o‘zgartirsa bo‘ladi. Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni Davlat dumasi (Rossiya parlamenti quyi palatasi) tasdiqlashi lozim. Prezident Davlat dumasi tomonidan tasdiqlangan nomzodlarni rad eta olmaydi, ammo bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni lavozimdan olishi mumkin. Kuch ishlatar organlar va hududiy prokurorlarni tayinlashda prezident Federatsiya kengashi (Rossiya Senati) bilan maslahatlashishi shart. Ushbu barcha o‘zgartishlar bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazish lozim.

Demografiya va ta’lim haqida

Onalik kapitali endi birinchi farzand uchun ham to‘lanadi. Uning miqdori — 466 ming rubl. Ikkinchi farzand uchun 616 ming rubl to‘lanadi. Kam ta’minlangan oilalar uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun har oy nafaqa puli oladi. Uning miqdori 2020-yilda tirikchilik minimumining yarmini tashkil etadi, kelgusida nafaqa miqdori tirikchilik minimumining to‘liq miqdoriga yetishi mumkin. 1—4-sinf o‘quvchilarining bari maktabda bepul ovqatlantiriladi. Sinf rahbarlari 5 ming rubl miqdorida qo‘shimcha haq oladi. Oliy ta’lim muassasalaridagi bepul o‘rinlar soni oshiriladi.

Ikkinchi Jahon urushi va qurollar haqida

Rossiyada Ikkinchi Jahon urushi haqidagi materiallarning jahondagi eng yirik arxivi tashkil etiladi. Undan barcha davlatlar foydalanishi mumkin bo‘ladi. Rossiyaning mudofaa qudrati 10 yilga ilgarilab ketgan. Raketa-yadro qurollari paydo bo‘lganidan beri tarixda birinchi marta Rossiya hech kimni quvayotgani yo‘q. Aksincha, boshqa mamlakatlar Rossiyada allaqachon bor qurollarni yaratish haqida bosh qotirishi lozim.

Putinning Rossiya parlamentiga murojaatini to‘liq (rus tilida) bu yerda tomosha qilish mumkin.