Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2020-yilning 15-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Instagram, Facebook tarmoqlari hamda Telegram kanallariga joylashtirilgan videorolik yuzasidan rasmiy bayonot berildi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, ushbu videoroliklar ish o‘rganuvchilarni jinoyat sodir bo‘lgan voqea joyiga olib chiqib o‘qitish jarayonida olingan suratlar asosida ichki xizmatda foydalanish uchun tayyorlangan. Operator xatosi tufayli rasmiy kanalga joylashtirish uchun tayyorlangan 4 ta material bilan birgalikda yuklangan.

“Toshkent shahar prokuraturasi zudlik bilan ushbu videorolikni rasmiy kanaldan olib tashlash choralarini ko‘rdi va fuqarolardan mazkur holat uchun uzr so‘raydi”, — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar prokuraturasi Telegram’dagi kanalida 14-yanvar kuni o‘ldirib ketilgan taniqli dizayner Narimon Grigoryanning qonga botgan murdasining surati ham aks etgan videoslayd e’lon qildi, so‘ng o‘chirib tashladi. Shunga qaramay, shahar prokuraturasi e’lon qilgan videoslayddan kadrlar internetda tarqalishga ulgurgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 14-yanvar kuni Yashnobod tumanida bir emas, ikkita qotillik yuz bergan (biri — dizayner Narimon Grigoryanning o‘ldirilishi). Toshkent shahar prokuraturasi e’lon qilgan videoslaydda har ikki holatdagi murdalarning suratlari ko‘rsatilgan edi. Bundan tashqari, o‘liklardan birining o‘likxonada ko‘zdan kechirilishi kadrlari ham ilova qilingan bo‘lib, unda hatto murdaning jinsiy a’zolari ham xiralashtirilmagan edi.

Poytaxt prokuraturasining Telegram’idagi videoxabarga ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy munosabatlar bildirila boshlagach, video ham, unga qilingan qilingan matnli xabar ham kanaldan olib tashlandi. Holatga bildirilgan tanqidiy fikrlarning birida “Tashkilot piar-xizmatida piarchilar emas, prokurorlar ishlasa, mana shunaqa bo‘ladi”, deyilgan.