Yaponiyaning Toyota avtomobil korporatsiyasi Amerikaning Joby Aviation aerokosmik kompaniyasiga 394 million dollar investitsiya kiritadi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.

Foto: L Joby’s eVTOL

“Kommersant”ning yozishicha, ular elektr bilan ishlaydigan uchar transport vositasi yaratishda hamkorlik qiladi. Umumiy hisobda Toyota va bir qator kompaniyalar 590 million dollar sarmoya kiritmoqda. Kaliforniyada joylashgan Joby Aviation jami 720 million dollar to‘plagan.

“Avtomobil biznesi bo‘yicha faoliyatimizni davom ettirsak-da, havo transporti — Toyota uchun uzoq muddatli maqsad. Bu kelishuv nigohimizni osmonga qaratadi”, — degan Toyota prezidenti Akio Toyoda.

Joby Aviation vertikal uchib-qo‘nish imkoniga ega havo kemalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ular butunlay elektrda ishlaydi. Toyota’da ta’kidlanishicha, bunday transport vositalaridan shaharlarda harakatlanish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda.

Xabarda aytilishicha, 2019-yilning o‘rtalarida Uber Avstraliyaning Melburn shahrida, shuningdek, AQShning Dallas (Texas) va Los-Anjeles (Kaliforniya) shaharlarida havo taksisini yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingan. Avstraliyada birinchi tajriba parvozlari 2020-yildayoq amalga oshirilishi mumkin, 2023-yilga kelib  esa to‘liq miqyosda parvozlar rejalashtirilgan.