Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi Abduholiq G‘ijduvoniy hamda “Degrezon” mahallasi fuqarolarining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, aholi elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda. Uyni isitish va kiyimlarni dazmollash ham muammo bo‘lyapti.

Foto: “Daryo”

Tumanda bo‘lib, muammoni o‘rgangan “Daryo” muxbiri Laylo Hayitovaning yozishicha, elektr ta’minotidagi cheklovlar aholini bezdirib qo‘ygan.

Ma’lum qilinishicha, tumanda elektr uzilishlarining rasmiy jadvali tuzilgan bo‘lib, unda hududlar kesimida bir kunda bir marotaba ikki soatgacha uzib qo‘yilishi ko‘rsatilgan. Aholiga ko‘ra, rasmiy jadvalda yozib qo‘yilgandek bir kunda bir marotaba emas, balki 4-5 marotabagacha elektr energiyasidan uzib qo‘yish holati yuzaga kelgan.

Foto: “Daryo”

— Mana, hozirgina, bor-yo‘g‘i 15 daqiqa oldin “svet”ni yoqishdi. Bir kunda birmas, to‘rt-besh marotaba yuzaga kelayotgan o‘chirib-yoqishlar hammaniyam asabiylashtiradi-da. Bu ham yetmaganidek o‘chirib-yoqishlar orasi bir yarim-ikki soatgacha davom etadi. Bir kunda 6-7 soatgacha chiroqsiz o‘tiramiz, — deydi Mahbuba Yodgorova.

Yoshi keksa otaxon O‘lmas Madinovga ko‘ra, elektr energiyasi qo‘qqisdan o‘chib, tasodifan katta kuchlanishda paydo bo‘ladi. Oqibatda xonadonidagi muzlatgich motori kuygan.

— Go‘shtni tashqarida, simga ilib qo‘yib, iste’mol qilishga majbur bo‘lyapmiz. Hozir qish fasli, erta-indin issiq kunlar boshlanadi. O‘shanda oziq-ovqatlarni muzlatgichsiz qanday asraymiz? Bir hovlida sakkiz jon yashasak, uni tuzatishga qurbimiz yetmaydi, — deydi O‘lmas Madinov. — Biz qayerdan bilamiz bir kunda bir marotaba chiroq o‘chirilishi qog‘ozda yozilganini, amalda 4-5 marta o‘chib turibdi-ku!

Aholining bildirishicha, o‘tgan yilgidek elektr energiyasidagi  cheklovlar hududlardagi transformatorlarga tushayotgan katta yuklanishlardan buzilib qolmasligi uchun kiritilgan. Kelgusi yil qish mavsumiga qadar yuqori va ko‘p quvvatli transformatorlarni ishga tushirish va’da berilgan. Xo‘sh, joriy yilda-chi?!

Foto: “Daryo”

— Tan olish kerak, qish mavsumida yuklanishlar chindan ham yuqori darajaga ko‘tariladi. Chunki aholi uylarini elektr energiyasi yordamida isitishga o‘tadi. Bu esa yuqori tok kuchlanishi quvvatiga ega bo‘lmagan hududlardagi transformatorlarga talafot yetkazishi mumkin, — deydi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” AJ operatori Elyor Davronov. — Viloyat hokimligi tomonidan hududlarga elektr energiyasi tarqatilishi bo‘yicha rasmiy jadval tasdiqlab berilgan. Shunga ko‘ra, navbatma-navbat elektr energiyasi ta’minotida cheklov qo‘yilgan. Cheklov qo‘yishdan maqsad esa manzillardagi kam kuchlanishli transformatorlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish. Ayni paytda katta kuchlanish quvvatiga ega podstantsiyalar qurib bitkazilmoqda. Joriy yilning may oyiga qadar yangi podstantsiyalar ishga tushiriladi.

Foto: “Daryo”

Uzilishlar, nafaqat, xususiy iste’molchilarda, balki tuman markazida joylashgan qator korxona, tashkilotlar, davlat muassasalarida ham kuzatilgan. Tuman soliq inspeksiyasi binosidan ijara shartnomasi asosida foydalanib kelayotgan bir nechta partiya tashkilotlari, tuman “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat bo‘limi va boshqa idoralar ham bunday cheklovlardan holi emas. Surishtiruvga ko‘ra, bu yerda ham elektr energiyasida uzilishlar kuzatiladi. Ustiga-ustak, gaz ta’minoti ham yo‘q. Xonalar sovuq. Batareyalar muzlab qolgan. Bu mehnat sharoitiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

Ismini oshkor qilishni istamagan “Daryo” o‘quvchilaridan biriga ko‘ra, G‘ijduvon tuman tibbiyot birlashmasida ham elektr energiyasida uzilishlar uchrab turadi.

Foto: “Daryo”

— Yo‘q, bu gapga qo‘shilmayman. Vaholanki, tuman tibbiyot birlashmasi elektr energiyasi ulashadigan ikkita, tuman markaziy tarmog‘i hamda Navoiy viloyati elektr energiyasi ta’minoti tarmog‘iga ulangan. Bundan tashqari, birlashma transformatori o‘tgan yil to‘liq ta’mirlangan. Agar tuman markazida chiroq o‘chirilsa, avtomatik tarzda, uzog‘i bilan 10-20 sekund ichida ikkinchi tarmoqqa ulanadi. Shuningdek, tug‘ruqxona, bolalar reanimatsiya bo‘limi, tez tibbiy yordam ko‘rsatish kabi har bir bo‘limda YPSdan foydalanish imkoniyati mavjud. Balki faqat bitta elektr energiyasi tarqatuvchi tarmoqqa ulangan qishloq oilaviy poliklinikalarida vaqtincha uzilishlar yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin, ammo bu masala bizda hech qanday muammo tug‘dirmagan, — deydi birlashma rahbari Laziz Najmiddinov.

Aholiga ko‘ra, elektr energiyasidagi uzilishlar avgust-sentabr oylarida ham kuzatilgan. Saylovlar boshlangandan tugagunga qadar esa biror marotaba uzilish yuzaga kelmagan. Yangi yildan boshlab esa bu muammo yana odamlarning asosiy tashvishiga aylangan.

— Faqat elektr energiyasimas, yo‘llar nosozligidan ham juda qiynalamiz. Ayniqsa, yog‘ingarchilik paytida bu ko‘chalarda yurishning o‘zi bo‘lmaydi. Tashvishlarimizni kimga aytsak, oladigan javobimiz bitta: “Ko‘rib chiqamiz, hal etamiz!”dan nariga o‘tishmaydi. Hatto, deputatimizni tanimaymiz ham, bilmaymiz ham — dedi fuqaro Gulbahor Safarova.

Foto: “Daryo”

Hududdan deputatlikka saylangan Zikrilla Fuzaylov Abduxoliq G‘ijduvoniy mahallasi aholisi tashvishidan bexabar. Tumandagi 59-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Z.Fuzaylov o‘zini “maktab o‘qituvchisi” deb tanishtirar ekan, tez kunda elektr energiyasi va yo‘l masalasi bo‘yicha aholini qiynayotgan tashvishlarni tegishli tashkilotlarga yetkazib, ularning muammosini bartaraf etishini bildirdi.

“Adolat” partiyasining viloyat Kengashi rahbariga ko‘ra, Zikrilla Fuzaylov “28-Fitrat” saylov okrugi deputati etib saylanganidan tashqari, partiyaning tuman Kengashi rahbari ham ekan.

O‘zini tumandagi “Degrezon” mahallasi fuqarosi deb tanishtirgan Muxlisa Tosheva 16-yanvar, payshanba kuni soat 11:30 larda qarzdorligi evaziga o‘chirilgan elektr energiyasi uchun 200 ming so‘m miqdorida tuman elektr tarmoqlari kirim kassasiga ortiqchasi bilan pul to‘lagan. Biroq, soat 16:30 bo‘lishiga qaramay, yoqilmagan. Umumiy o‘chirishlar yetmagandek, qarzdorligini to‘layotgan fuqarolar ham ulanishlarni soatlab kutishmoqda.

Foto: “Daryo”

G‘ijduvon tuman elektr tarmoqlari korxonasi ASKUE operatori Ravshan Boymurodovga ko‘ra, internet bilan bog‘liq muammo sabab, tizim tomonidan tarmoqni yoqish uchun bir necha marotaba urinilishiga qaramay, uzilgan tarmoqlarni ulashda shunday muammolar yuzaga kelib turadi.

— Elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelayotgan uzilishlar uchun, avvalo, iste’molchilardan uzr so‘raymiz. Bugungi kunda “Talimarjon” issiqlik elektr stantsiyasining elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qurilmasida yuzaga kelgan nosozlik tufayli ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan uzilishlar tez-tez kuzatilmoqda. Nosozlik bartaraf etilgach, elektr ta’minoti yaxshilanadi, — deydi “Daryo” muxbiriga “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati rahbari Behruz Abdurasulov.