15:29, 17.01.2020 // 43731

“Quruvchilik xavfli soha. Yunusoboddagi fojia buning yaqqol misoli”. Quruvchi amaki hikoyasi

“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni – yigirma uch yildan buyon ustachilik qilib kelayotgan kishi.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Dilshod. Bahorda 50 yoshga kiraman. Asli vodiydanman. 23 yildan buyon ustachilik qilaman.

Foto: “Daryo”

Shogirdlarim bilan birgalikda uylar quramiz. Hozir ularning soni oltidan oshgan. Lekin katta-katta imoratlarni qurish uchun ishchi kuchi ko‘p kerak bo‘ladi. Shunda qishlog‘imizdagi tanish usta yigitlarni, qarindoshlarni ham yordamga chaqiraman.

Asosiy ishim – g‘isht terish, beton quyish, suvoq, “styashka” qilish. Biz uyni tayyorlab boshqa ishga o‘tib ketaveramiz. Gipsokarton, oboy, uyning har xil bezak ishlarini boshqa shogirdlarim qiladi.

Foto: Google Images

Yoshligimda o‘qish harakatini qilganman, lekin oilaviy sharoitimiz bo‘lmagan. Chunki oilada yetti farzand edik. Meni o‘qitishga ota-onangning imkoni yo‘q edi. Shundan keyin ustachilikni o‘rganishni boshlaganman. Aniqroq qilib aytganda, ustachilik kasbini tanlashga majbur bo‘lganman.

Adashmasam, o‘shanda 1997-yil edi. Harbiy xizmatdan kelganimdan so‘ng bir necha yil davlat qurilish tashkilotlarida ishladim, maoshi qoniqtirmagandan keyin o‘zim mustaqil ustachilik qilishni boshladim. Xudoga shukr, hozir hammasi yaxshi. Shogirdlarim bilan qanchadan qancha imoratlarni qurib bitkazdik. Odamlarning rahmatini eshitdik.

Qancha ko‘p ishlasak, shuncha topaveramiz

Ishimizning asosiy talabi — mehnat. Ishimizga qarab haq olaveramiz. Birda oz, birda ko‘p. Qisqa qilib aytganda, hozirgi kunda oyiga o‘rtacha 3,5 million atrofida pul topaman. Ilgari yoz oyi biz quruvchilar uchun “sezon” payti edi. Qishgacha harakatimizni qilib topadiganimizni topib olardik. Chunki sovuqda beton quyib, uy qurib bo‘lmasdi. Faqat uyning bezak ishlari qilinardi. Lekin hozir farqi yo‘q. Betonga qo‘shiladigan ba’zi bir suvlar bor. Shu mahsulotlar bilan qahratonlarda ham bemalol quyilyapti. Hammasi yaxshi chiqyapti.

Foto: “Daryo”

Bizga Toshkentdan ko‘p zakaz bo‘ladi. Shuning uchun asosan bu yerda ishlaymiz. Masalan, kimnidir uyida ishlab odamni ko‘nglidagidek qurib bersak u do‘stiga, qarindoshiga tanishiga bizni tavsiya qiladi. Shu bois Toshkentda “kliyent”larimiz ko‘p.

Ko‘pchilik ustalarni noinsof deydi

Besh qo‘l barobar emas deganlaridek, har kimning fikri bor. Quruvchilar haqida har kim har xil gapiradi. To‘g‘ri, katta va’da berib, lekin bajarolmaydigan ustalar ko‘p. Pulni olib ishini ko‘ngildagidek qilib berolmay, tashlab ketganlar bor. Lekin o‘zim misolida aytadigan bo‘lsam, 2-3 yildan beri birovning haqqiga xiyonat qilmay ishini sifatli qilib berishga harakat qilganmiz.

Lekin shunday odamlar bor, ishi bitganidan keyin kelishilgan pulni ustaga kamroq berish uchun har xil gap qiladi. Yoki keyinroq beraman deb pulni yillar davomida bo‘lib-bo‘lib beradi. Oz-ozdan berilgan pulning barakasi bo‘lmaydi. Usta ham bundan norozi bo‘ladi.

Ayrimlar nimanidir mo‘ljallab, qurilish qiladi. U savdogar bo‘lsa savdosi o‘xshamay qoladi. Usta ham oladigan puliga qarab rejasini qiladi. Pul vaqtida berilmasdan usta va mijoz o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin.

Yoshingiz ulg‘aygani sari odamlar bilan muloqot qilaverib ularning fikrini o‘qiydigan bo‘lib qolasiz ekan. Mijoz bilan suhbatlashayotib, uning gap so‘ziga qarab to‘g‘ri kelmasa indamay ketaveramiz.

Foto: “Daryo”

Ustachilikda ko‘ngilsizliklar ko‘p bo‘ladi

Ishimizda sog‘lig‘imiz bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar bo‘lib turadi. Yunusoboddagi metro fojiasi buning yaqqol isboti.

Albatta, bu ham quruvchining qayerda ishlayotganiga bog‘liq. Katta-katta imorat qurayotgan yoki metro qurish kabi xavfli ishlar bo‘lsa, uning fojiasi ham katta bo‘ladi. Uy qurish va bezak ishlarida ko‘ngilsizliklar yengilroq bo‘ladi.

Masalan, tepadan yiqilib tushishi, oyog‘iga mix kirib ketishi mumkin.

Ancha yillar oldin qorong‘uda oyog‘imga mix kirib ketgan. Bir haftacha oyog‘imni qiynalib bosganman. Ochig‘ini aytaman, jonim og‘risa-da, bir joyda yotib davolanolmaganman. Chunki uy egasiga kelishilgan vaqtda ishini bitirib berishimiz kerak edi. Vaqtdan yutish uchun ishlayverganman. Chunki bu hayotda sharoit taqozo qiladigan vaqtlar bo‘ladi. Ularni bajarish uchun sog‘lig‘ingizdan ham kechishga to‘g‘ri keladi.

Foto: Google Images

Oilam haqida

Oilam haqida gapiradigan bo‘lsam, ayolim uy bekasi. To‘rtta farzandimiz bor: uch qiz-u bir o‘g‘il. Eng katta qizim 17 yoshda, kenjam o‘g‘il, hali kichkina. Shu bolalarni o‘qitib, kelajakda yaxshi insonlar bo‘lishi uchun tinim bilmay ishlab yuribmiz.

Ular qishloqda yashaydi. Sharoitga qarab uyga har oyda borishga harakat qilaman.

Ishlayotgan joyimizda yashaymiz. Ovqatimizni qilib berishadi. Aytmoqchi bo‘lganim, pulim yeb-ichishga ketmaydi. Topgan-tutganimni uyga berib, kam-ko‘stlarini olib berib kelaman.

Kichkina o‘g‘lim meni ko‘p sog‘inadi. Ketayotganimni bilib endi qachon kelasiz deb so‘raydi. 15 kun uxlab tur, yana kelaman deb ovutib ketaman.

Qisqa qilib aytganda, hayotimdan minnatdorman. Allohga shukr, to‘rt muchalim sog‘, oilamdagilar sog‘-salomat, qo‘limda hunarim bor. Har doim faoliyatimda yaxshi insonlarga ro‘baro‘ qilyapti. Risqimni terib, bolalarimni boqib yuribman. Xudo menga qancha umr bergan bo‘lsa, shu umrni chiroyli va halol yashashga harakat qilaman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv