“Daryo” saytida  haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

13-yanvar kuni viloyatlarda yangi chaqiriqdagi Xalq deputatlari viloyat kengashlarining ilk sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Bunday sessiyalar, jumladan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham o‘tkazildi. Sessiyalarda viloyat hokimlari qayta tasdiqlandi. Barcha viloyat hokimlari ayni vaqtda deputat hamdir. Barcha viloyat hokimlari deyarli bir ovozdan tasdiqlandi.

16–17-yanvar kunlarida O‘zbekistonning barcha viloyatlarida, Toshkent shahrida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash jarayoni bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, saylovchi deputatni bevosita saylagan bo‘lsa, Senat a’zosi saylovchi ishonch bildirgan vakili – deputat tomonidan bilvosita saylanadi. Keyingi besh yillikda Oliy Majlis Senati a’zolari ham ma’lum bo‘ldi. A’zolar ro‘yxatida taniqli tadbirkorlar, viloyatda boobro‘ oqsoqollar va, albatta, viloyat hokimlarini uchratishimiz mumkin.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida Senatning 16 nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan saralanib Prezident tayinlashi belgilangan. Bu hafta maxsus farmon bilan 13 nafar senator tayinlandi. Ulardan ikki nafari hukumat a’zosi, yana ikki nafari esa Prezident administratsiyasi vakili. Senatning avvalgi tarkibida bo‘lgan senatorlardan faqat Elmira Bositxonova, Mirakbar Rahmonqulov, Quvondiq Sanaqulov va Sodiq Safoyev qayta tayinlandi. Avvalgi tarkibdagi Qahramon Quronboyev, Rustam Inoyatov va yana besh nafar a’zo hozirgisida yo‘q (17-yanvar holatiga ko‘ra). Senatdagi eng yosh a’zo esa Yoshlar Ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayevdir.

* * *

Foto: ZarNews

13-yanvar kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi yo‘lda 13 ta mashina bir-biriga urilib katta avtoavariya yuz berdi. Kinolardagidek ustma-ust taxlangan mashinalarning fotosurati internet tarqalib ketdi, ko‘p o‘tmay viloyat IIB yo‘l xavfsizligi boshqarmasi axborot berdi. Avtoavariya yo‘l muzlagani va tuman oqibatida kelib chiqqan. Ma’lum bo‘lishicha, voqea joyiga inspektorlar borganda atigi ikkita mashina qolgan bo‘lgan. Ko‘ngilsiz hodisa oqibatida ikki kishi yengil tan jarohati olgan. Asosiysi, hech kim halok bo‘lmagan.

* * *

Hududiy saylov komissiyalari tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarning yakuniy natijalari e’lon qilindi. “Yuksalish” umummilliy harakati barcha ma’lumotlarni umumlashtirgan holda qaysi siyosiy partiya hududlarda yaxshi natija qayd etganlini tahlil qildi. Xo‘sh, hududlardagi oddiy aholi qaysi partiyani ko‘proq qo‘llaydi?

Foto: “Yuksalish”

Eng ko‘p deputatlik o‘rnini O‘zLiDeP (303 joy yoki 36,5 foiz) vakillari egallagan. Saylovoldi poygasini ikkinchi bo‘lib XDP (21,8 foiz) yakunlagan. 3-o‘rinda “Milliy tiklanish” DP (19,1 foiz). “Adolat” SDP (12,9 foiz) to‘rtinchi, Ekopartiya vakillari esa beshinchi (9,7 foiz) o‘rinni qayd etgan.

Mavjud 831 ta o‘rinning 260 tasi (31 foiz) ayollarda. Eng yaxshi ko‘rsatkich Navoiy viloyatida (38,3 foiz) kuzatilgan, keyingi o‘rinlar Samarqand (36,7 foiz) va Jizzax (35,1 foiz) viloyat Kengashlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng kam ayollar Sirdaryo viloyati Kengashida —24 foiz.

* * *

15-yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sergey Lavrov Toshkentga keldi. Lavrov Toshkentda sevimli taomi lag‘mon bilan qarshi olindi. Bir kun o‘tib Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Shuningdek, Lavrov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashib, Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga kelgusi tashrifi masalalarida fikr almashdi.

Foto: “Daryo”

Rossiya O‘zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga jalb etishga astoydil urinayotgan bir paytda Sergey Lavrov tashrif buyurgani e’tiborga molikdir.

* * *

Bloger Abdufatto Nuritdinov sud belgilagan jazoni o‘tab chiqdi.

Otabek Nuritdinov.

Foto: “Qalampir.uz”

Oxirgi kunlarda andijonlik bloger Abdufatto Nuritdinov 15 sutkaga qamalishi jamoatchilik diqqat markazida bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Otabek Nuritdinov taxallusi bilan tanilgan bloger o‘z postlarida, asosan, Asaka shahridagi mansabdorlar faoliyatidagi ehtimoliy korrupsion faktlar, budjet mablag‘ini o‘g‘irlash va talon-toroj qilish holatlari haqida yozgan. 30-dekabr kuni ta’limdagi mansabdorlar va tuman “Suvoqova” rahbari Nuritdinov ustidan shikoyat yozganidan so‘ng sud shu kunning o‘zidayoq uni tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblab 15 sutkaga hukm qilgan edi. Nuritdinov sudda aybni tan olmagan. Uning advokati sudda juda ko‘p protsessual qoidabuzarliklar bo‘lganini aytgan.

Andijonlik bloger ishiga munosabat bildirarkan, AOKA rahbari Komil Allamjonov tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosini imkon qadar tezroq bekor qilish zarurligini ta’kidlagandi.

Abdufatto Nuritdinov ichkaridaligida o‘g‘il farzandli bo‘lgan va chiqishi bilanoq ularni ko‘rgani tug‘ruqxonaga borgan.

* * *

Haftaning xushxabarlaridan biri bosh vazir Abdulla Aripov shu yili yangi o‘zbek aviakompaniyasi tuzilishi haqida e’lon qilgani bo‘ldi. Garchi bo‘lg‘usi Humo Air aviakompaniyasi nomi an’anaviyligi bilan taajjub uyg‘otsa-da, “humoshka” “havoshka” monopoliyasini bitirishi va uchish narxlari pasayishiga bir oz umid yuzaga keldi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, aviakompaniya avvaliga respublika ichida amaldagidan ancha arzon narxda muntazam aviareyslarni amalga oshiradi. “...Bu vazifani 2020-yilda tashkillashtirib, bajaramiz”, dedi Abdulla Aripov.

* * *

Saylov o‘tgach, mamlakat hududida elektr o‘chish holatlari keskin oshdi. “Daryo” bu haftaning o‘zidayoq mushtariylardan elektr o‘chayotgani haqida o‘nlab xabarlar oldi. Andijonliklar “kuniga o‘n soatdan elektrsiz yashayotganligidan” noligan bo‘lsa, buxoroliklar hokimlik tasdiqlagan jadval asosida elektr tinimsiz uzilayotganligidan aziyat chekyapti. Aytish kerakki, elektri o‘chayotgan faqat ular emas.

18-yanvar kuni Energetika vazirligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev “Daryo” muxbirining qachon energiya taqchilligiga barham berilishi haqidagi savoliga javob berdi. Uning aytishicha, “...Elektr energiyasini ishlab chiqarishga bemalol imkoniyatimiz ham yetarli, lekin yoqilg‘i taqchilligi bor. Gaz yo‘qligi tufayli elektr stansiyalari ishlamayapti. Bu ko‘proq elektr energetikaga emas, neft-gaz sohasiga bog‘liq. Demak, ular belgilangan miqdordagi tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha rejani bajarishsa, elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha reja so‘zsiz bajariladi...”

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.