“O‘zbekkino” MA buyurtmasi bilan rejissor Akrom Shaxnazarov hamda prodyuser Ravshan Norbayev tomonidan suratga olinayotgan “101-reys” filmining suratga olish ishlari davom etmoqda.

Ayni kunlarda 101-reys jamoasi filmning eng murakkab epizodlari suratga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Foto: “101-reys” filmi arxivi.

Film prodyuseri Ravshan Norbayev “101-reys” filmining kechikayotgan premyerasi, film ayni vaqtda qanday jarayonda ekanligi haqida jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusida gapirib berdi.

Filmni intizorlik bilan kutayotgan tamoshabin uchun kutilganidan ham yaxshi film taqdim qilish maqsadida ishlamoqdamiz. Bizda suratga olish ishlari va montaj jarayonlari bir vaqtda boshlangan edi. 2020-yilda bizni filmning murakkab suratga olish va montaj ishlari kutmoqda.

Yangi Zelandiyalik rejissor Piter Jekson ‘Hobbit’ filmini premyerasidan bir kun oldin ham suratga olish maydonida filmni suratga olib, uning montaj ishlari bilan band bo‘lgan. Bu degani u rejissor muddatga ulgurmagan degani emas, balki tomoshabin xohishini qondirish maqsadida o‘zidan ko‘ngli to‘lmay premyeraga qadar ijod bilan band bo‘lgan.

Ba’zi bir internet nashrlarida filmning suratga olish ishlari yakunlandi degan asossiz ma’lumotlar e’lon qilingan. Suratga olish ishlarining asosiy qismi yakunlangani bilan murakkab epizodlarni endi suratga olamiz.

Ravshan Norbayev, “101-reys” filmining prodyuseri

“101-reys” filmi prodyuseri Ravshan Norbayev hamda film rejissori Akrom Shaxnazarov. Foto: “101-reys” filmi arxivi.

Bir muddat avval “101-reys” filmining prodyuseri Ravshan Norbayev film rejissori Akrom Shaxnazarov bilan kelishmasdan, loyihani boshqa bir rejissor davom ettirishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar tarqalgan edi.

Film prodyuseri Ravshan Norbayev ushbu gaplarga quyidagicha munosabat bildirdi:

Bu mish-mishlarni biz ham eshitdik. Mevali daraxtga tosh otiladi deyishadi-ku, ammo bu shunchaki bo‘lmagan, asossiz mish-mishlar xolos. Boringni ko‘ra olmaydigan, yo‘q bo‘lsa bera olmaydiganlar, o‘z tashvishi turganda o‘zgani xato qilishini kutib turganlar, afsuski, hamma joyda uchrab turadi.

Rejissor Akrom Shaxnazarov bilan “Hamroh” filmining suratga olish jarayonlaridan buyon birgalikda ishlab kelamiz. Xudo xohlasa “101-reys” filmidan so‘ng ham hamkorligimiz davom etadi. Kim bunaqa gaplarni tarqatganini bilolmadik, lekin bu bizga juda qiziq bo‘ldi.

Ravshan Norbayev, “101-reys” filmining prodyuseri

Foto: “101-reys” filmi arxivi.

Prodyuser Ravshan Norbayev “101-reys” filmining premyerasi haqida quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Filmning grafika ishlari hamda musiqasi chet elda yozilishi, bu orqali tomoshabinga kartinani yanada ta’sirchanroq qilib taqdim qilishni maqsad qilganmiz. Shu sababli chet eldan filmga hamkorlar qidirmoqdamiz.

Film premyerasi 2020-yilning kuz faslida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari filmning chet elda ham namoyishlarini o‘tkazish uchun hamkorlar qidirilmoqda.

Ravshan Norbayev, “101-reys” filmining prodyuseri

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam badiiy rahbarligida suratga olinayotgan “101-reys” filmi O‘zbekistondagi ilk film-katastrofa deb baholanmoqda. Film-katastrofa ekstremal hodisa fonida yuz beradigan voqea aks etgan film hisoblanadi.

“101-reys” badiiy filmi real voqeaga asoslangan bo‘lib, unda 2001-yil AQShning Nyu-York shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida Shimoliy Amerika havo hududida qiyin vaziyatda qolgan – bortida 180 nafar yo‘lovchi bo‘lgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga qarashli Boeing-757 samolyotining 101-reys ekipaji ko‘rsatgan jasorat haqida hikoya qilinadi. Mazkur film “Ravshan Norbayev pictures” studiyasi tomonidan suratga olinmoqda.