Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasida “2019-yil sarhisobi hamda viloyat ichki ishlar organlari faoliyati” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan xabarlarga aniqlik kiritildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Jumladan, “Mahalla” telekanalida namoyish etilgan “Voqea joyi” ko‘rsatuvi atrofidagi muhokamalar mazmuni, unda bayon etilgan badiiy to‘qimalarning real voqelikka muvofiqligi bo‘yicha telekanal mas’ullari tomonidan ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatuvda 5 yoshli qizchaning qabri ochilishi bilan bog‘liq voqea bundan 33 yil oldin, ya’ni 1987-yilda Bo‘ka tumanida sodir bo‘lgan. Ko‘rsatuv davomida bu haqda ma’lum qilinmagani bois tomoshabinda voqealar ayni paytda sodir bo‘lgan, degan tasavvur paydo bo‘lgan.

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida mudhish qotillik alomatlari ommaga e’lon qilingan.

“Mahalla” telekanalining “Voqea joyi” ko‘rsatuvi ijodkorlari jinsiy a’zolariga qizdirilgan temir bosilishi, ombur bilan badani siqilishi va turli qiynoqlar natijasida nobud bo‘lgan 5 yoshli Adolatning qabri qayta ochilgani sahnalashtirilgan filmni namoyish etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhum qizaloqning onasi turmush o‘rtog‘ining ro‘zg‘or sharoitlarini yaxshilamaganidan nolib u bilan ajrashishga qaror qiladi va ikki qiz farzandini tirik yetimga aylantiradi. Oradan vaqt o‘tgach, qizaloqning dadasi uyiga bir farzandli ayolni olib keladi va uni o‘z farzandlariga yangi ona sifatida tanishtiradi. Biroq yangi ona qizaloqlarning hayotiga yangi qiynoq va azoblarni taqdim etishdan bosh tortmaydi. Avvaliga u qizaloqlarga achigan ovqat beradi, so‘ngra kichik yoshdagi qizaloq o‘zining tagini ho‘llab qo‘yganidan kuyib, uni sovuqda ko‘chadagi ustunga bog‘lab qo‘yadi. Bu paytda dada uyda bo‘lmaydi va bu voqealarga guvoh ham bo‘la olmaydi. Tagini ho‘llab qo‘yish holatlari davom etavergani joniga tekkan qizaloqning o‘gay onasi O‘g‘iloy bir kuni Adolatning jinsiy a’zolariga qizdirilgan temirni bosadi va badanlarini ombur bilan siqib, uni bor vajohati bilan kaltaklaydi. Qizaloq og‘riqlardan qiynala-qiynala hayotdan ko‘z yumadi. O‘g‘iloyning iflosliklari shunda ham davom etadi.

U o‘zining jinoyatini yashirish uchun shifokorga 3 million pora berib, Adolatni tutqanoq kasalligidan o‘ldi deb yozib berishga ko‘ndiradi. Oradan 5 kun o‘tib, Adolatning buvisi Ichki ishlar xodimiga nabirasining o‘lim vaqtida uning bosh qismida shishish holatlarini kuzatganini aytadi.

Tergovchi esa Adolatning qabrini ochish kerakligini aytadi. 5 yoshli qizaloqning qabri qayta ochiladi va ekspertiza qilinadi. Ekspertiza natijalari hammasiga oydinlik kiritdi. Qizaloqda hech qanday tutqanoq kasalligi bo‘lmaydi, u kaltaklanish natijasida halok bo‘lgani aniqlanadi.

Natijada 5 yoshli Adolatning umriga zomin bo‘lgan O‘g‘iloyga 14 yil, uning jinoyatini yashirishda ko‘maklashgan shifokorga 4 yil qamoq jazosi beriladi.

Tadbirda tegishli idoralar hamkorligida jinoyatchilikning oldini olish, ayniqsa yoshlar orasida bu illatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Prezidentning 2019-yil 29-maydagi “Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bunda huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda.

Foto: O‘zA

Mazkur hujjatga muvofiq, jinoyatchilik tahlilidan kelib chiqib, 5 ta ichki ishlar boshqarmasi, 16 ta bo‘limi hamda ularning tarkibidagi 34 bo‘linma qayta tashkil etildi. Tizimda qo‘shimcha 200 shtat birligi joriy etildi. Shuningdek, 26 nafar xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor shtat birligi ham joriy etildi.

Natijada 2019-yil mobaynida sodir etilgan umumiy jinoyatlar 2018-yilga nisbatan 7 foizga, shu jumladan, jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar 9 foizga kamaygan.

Shu davrda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 25,6 foizga kamayishiga erishilgan. Viloyatda mavjud 1030 fuqarolar yig‘inining 37,3 foizida umuman jinoyat sodir etilmagan.

Anjumanda mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.