Alisher Navoiy nomli kinosaroyda rejissor Ikrom Ali tomonidan suratga olingan “Yolg‘iz bo‘ri” filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Yolg‘iz bo‘ri” filmi posteri

Film rejissori Ikrom Ali “Daryo” muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida ushbu filmni 490 million so‘mga suratga olgani haqida gapirib berdi.

‘Yolg‘iz bo‘ri’ filmi aka va ukaning taqdiri haqida. Filmga falsafiy yondashgan holda ‘Yolg‘iz bo‘ri’ deb nomlaganmiz. Ushbu film xalqimiz yaxshi ko‘rib tomosha qiladigan filmlar qatoridan joy olishiga ishonaman.

Film budjetini berkitadigan joyimiz yo‘q. Ushbu filmga 490 million so‘m mablag‘ sarflandi. Filmni prodyuser va aktyor Ma’rufxon Muhammedov bilan birgalikda suratga oldik. Xudo xohlasa, ketgan mablag‘iga yarasha film bo‘lgan deb o‘ylayman.

Kino olamida ‘konfet’ degan tushuncha bor. Kinoda ‘konfet’ so‘zi filmlarga pul berib suratga tushadigan insonlarga nisbatan ishlatiladi. Bu filmda bitta ham ‘konfet’ yo‘q. Barcha rol ijro qilgan insonlar mahoratli aktyor va aktrisalar hisoblanadi.

Ikrom Ali, “Yolg‘iz bo‘ri” filmining rejissori

Ma’lumot uchun, “Yolg‘iz bo‘ri” deb nomlangan filmda bosh rollarni Muhammadiso Abdulxayirov, Dilnoza Kubayeva, Javohir Zokirov, Jamila G‘ofurova, Ma’rufxon Muhammedov, Durdona Qurbonova, Mashhura Zulfiqorova, Bilol, Doniyor Hafizov, Muyassar Berdiqulova, Jalil Mavlonov singari aktyor va aktrisalar ijro etgan.