Buxoro viloyatidagi Qorovulbozor—Buxoro yo‘lida 20-yanvar, dushanba kuni soat taxminan 08:30 da mudhish avtohalokat sodir bo‘ldi. Buxoro viloyati IIB matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, sodir bo‘lgan mudhish avariya oqibatida bir ayol va bir erkak halok bo‘lgan, bir kishi o‘ta og‘ir ahvolda.

Foto: Telegram/PvBux

Ma’lumotga ko‘ra, YTH fuqaro A.A. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Nexia-3 rusumli avtomashinasini “A-380” avtomobil yo‘li bo‘ylab, Kogon—Qorovulbozor yo‘nalishida boshqarib ketayotgan vaqtda yuz bergan. Haydovchi ushbu yo‘lning 199-kilometriga yetganida yo‘lning o‘rta bo‘lagida o‘zidan oldinda harakatlanib borayotgan fuqaro A.E. boshqaruvidagi “NOKA” rusumli yuk avtomashinasining orqa qismiga urilgan. Natijada Nexia ag‘darilib, yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.

YTH natijasida Nexia-3 haydovchisi A.A. va ushbu avtomashina yo‘lovchisi fuqaro M.R. hodisa sodir bo‘lgan joyda og‘ir tan jarohatlari bilan vafot etgan. Orqa o‘rindiqda bo‘lgan A.E. esa og‘ir tan jarohatlari bilan Kogon shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ixtiyor Narzullayevning ma’lum qilishicha, bemor avvaliga Kogon shahar markaziy kasalxonasiga olib kelingan. Birinchi yordam ko‘rsatilgach, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Buxoro filialining neyroreanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Ayni paytda bemor shifokorlar nazoratida.

Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari boshlangan.