Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti hamda O‘zbekiston Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi o‘rtasida akademik va ta’lim yo‘nalishida hamkorlik qilishga doir anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Ma’lum qilinishicha, ushbu hujjatning imzolanishi turli sohalarda istiqbolli hamkorlik yo‘lida qo‘yilgan qo‘shma qadamini anglatadi hamda talabalarning yangi bilimlarga ega bo‘lishi va tajriba almashishda ularning mobilligini oshirishga imkon beradi.

Qayd etilshicha, O‘zbekiston Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi har yili Xalqaro atrof-muhitni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan “Chimyon aks-sadosi” ekologik turistik festivali, “Toshkent quyoshi” motofestivali, “Sport turizmi va sport yo‘naltirish bo‘yicha O‘zbekiston kubogi”, “Yo‘ltanlamas avtolarda musobaqalar avtoturizmi” va boshqa tadbirlarni o‘tkazadi.

Avvalroq “Ipak yo‘li” universitetining birinchi prorektori Azamat Akbarov xorijda olgan falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki bo‘lib chiqqani sababli ishdan olingan edi.