“Liverpul” futbol bo‘yicha Angliya chempionatining 23-turida “Manchester Yunayted”ni mag‘lubiyatga uchratdi (2:0).

Foto: Twitter

Buning natijasida Yurgen Klopp boshchiligidagi jamoa Angliya chempionatidagi 22 o‘yinda 64 ochko to‘pladi va bu borada Yevropa kuchli beshlik ligalari rekordini o‘rnatdi.

Bu borada avvalgi eng yaxshi natija 22 o‘yinda 62 ochko to‘plagan “Manchester Siti” (2017/18-yilgi mavsum) va “Bavariya”ga (2013/14) tegishli edi.

“Liverpul” Premyer Liga doirasidagi so‘nggi 31 o‘yinning 30 tasini o‘z foydasiga hal qildi va 93 ochkolik imkoniyatdan 91 ochko ishladi.

Shuningdek, Angliya chempionati doirasida “qizillar” o‘z maydonida 1001 kundan buyon mag‘lub bo‘lmayapti. Ketma-ket 52 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyada “Liverpul” 42 marta g‘alaba qozondi va o‘n bor durang o‘ynadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!