Taniqli dizayner Narimon Grigoryanning jasadi o‘ldirib ketilganidan uch kun o‘tib topilgani va jasad topilishidan ikki kun avval esa marhumning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga surat joylangani haqidagi gap-so‘zlar yolg‘on. Bu haqda 20-yanvar, dushanba kuni Toshkent shahar prokuraturasida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Foto: UzNews

Bu kabi xabarlarni kim tarqatganini bilmaymiz, ammo fojia haqida voqea bo‘lgan kunning ertasiga, 14-yanvar kuni xabar kelib tushgan. Marhumning Instagram’dagi sahifasiga jasad topilishidan ikki kun oldin surat joylangani ham yolg‘on.

Narimon Grigoryan va ayblanuvchi A.A.ning shaxsiy aloqalari hamda shaxsiga oid ma’lumotlarga dastlabki tergov natijalari yakuni bo‘yicha aniqlik kiritilib, yana qo‘shimcha xabar beriladi.

Rasuljon Botir o‘g‘li, Toshkent shahar prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari

Tadbirda OAV vakillari dizayner o‘limi bilan bog‘liq turli mish-mishlarga ham oydinlik kiritilishini so‘radi. Xususan, jurnalistlar tomonidan “Narimon Grigoryan o‘limiga qiz bilan yigitning emas, balki o‘g‘il bola bilan boshqa bir yigitning rashki sabab bo‘lganmi?”, mazmunida savol berildi.

Bu savolga munosabat bildirarkan, poytaxt prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Anvar O‘rmonov shunday dedi: “Bu kabi mish-mishlarni inkor qilaman. Jinoyat ishida bunday ma’lumot mavjud emas. Jinoyat sodir etilishidan maqsad — marhumga tegishli bo‘lgan mol-mulk va pul mablag‘lariga egalik qilish bo‘lgan”.

O‘z navbatida, Toshkent shahar prokurorining katta yordamchisi Sevara Saidjonova savolni “juda o‘rinli va mantiqli” deb atadi. “Bu jinoyatning ochilganiga bir necha kun bo‘ldi. Bizning qo‘limizdagi tergovga tegishli material bo‘yicha siz aytgan rashk fakti hali tasdiqlanmagan. Ayblanuvchi keyinchalik qanday ko‘rsatmalar beradi — buni bilmaymiz. Tergov yakuni bo‘yicha OAVga axborot berilishi ta’minlanadi”, — dedi u.