O‘zbekistonda hokim lavozimini bajarishga mos shijoatli ayollar ko‘plab topiladi. Bu haqda O‘zLiDeP Siyosiy kengashining 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Qahramoni, senator Lola Murotova aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Lola Murotova (oq ro‘molda).

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Avvalroq, 27-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev al-Xorazmiy maktabida yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tajriba tariqasida poytaxt tumanlaridan biriga ayol hokim tayinlashni taklif qilgan edi. O‘shanda Prezident: “Qayerda ayol bo‘lsa, o‘sha yerda korrupsiya kamroq, o‘sha yerda xalq bilan muloqot ko‘proq”, deya ta’kilgandi.

O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotovaning ta’kidlashicha, Prezident qanday vazifa berishidan qat’i nazar, o‘zbek ayollari bu vazifalarni katta mas’uliyat va g‘urur-iftixor bilan bajarishga tayyor.

Foto: Musulmonbek Ibrohimov / “Daryo”

Mamlaktimizdagi har bir ayol baxtli, desam adashmayman. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan biz ayollarga berilayotgan e’tibor, e’tirof va g‘amxo‘rliklarning cheki yo‘q.

Bugun davlat va jamoat ishlarida 1400 dan ziyod ayollar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Birgina tibbiyot sohasida 82 foiz, ta’lim va san’at sohasida 72 foiz, qishloq xo‘jaligida 45 foizdan ortiq, sanoat sohasida esa 35 foizdan ziyod xotin-qizlar mehnat qilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz ishonch bildirib, qanday ish topshirsa, ayollarimiz uni sidqidildan, yurakdan yondashib, katta mas’uliyat va g‘urur-iftixor bilan bajarishga harakat qiladi. Prezidentimiz ayollarga hokimlik lavozimini bersa ham, ular o‘zini ko‘rsatib, do‘ndirib ishlayveradi. Shunday shijoatli, g‘ururli ayollarimiz respublikamizda ko‘plab topiladi.

Bizga qanday ish-vazifa berilishidan qat’i nazar, mamlakatimizni, iqtisodiyotimizni mustahkam qilishda, yurtimizni taraqqiy topishida, xalqimizni farovon yashashida bor bilimimiz, bor kuchimizni ayamay, juda katta mas’uliyat bilan mehnat qilamiz.

Lola Murotova, O‘zbekiston Qahramoni

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rta ta’limga ega xotin-qizlarning faqat 35 foiz ishlaydi, oliy ma’lumotli xotin-qizlarning 68 foizi ish bilan ta’minlangan.