“Flamengo” klubi yarim himoyachisi Reynier Jezus faoliyatini “Real”da davom ettiradi. Bu haqida madridiklar rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Foto: Twitter

Braziliyalik futbolchi 19-yanvar kuni 18 yoshga to‘ldi, bu esa transferni rasmiylashtirish imkoniyatini yaratdi.

“Real” futbolchi bilan 2026-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bitim imzolagan. Reynier “Real”ning ikkinchi jamoasi “Kastilya”da faoliyat yuritadi.

Futbolchi ayni damda Braziliya U23 terma jamoasi bilan Tokio—2020 Olimpiadasi saralashida qatnashmoqda. “Qirollik klubi” rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Reynier ushbu musobaqa tugagach Madridga yetib keladi.

Ispan nashrlarida xabar qilinishicha, madridliklar futbolchi uchun 30 million yevro to‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda madridliklar safida Marselo, Eder Militao, Kazemiro, Vinisius Junior va Rodrigo Goes kabi braziliyalik futbolchilar to‘p suradi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!