Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi o‘z jamoalari safida liga doirasida gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Kollaj: “Daryo”

“Yuventus” hujumchisi “Parma” darvozasiga ikkita to‘p kiritdi. Bu portugaliyalik futbolchi uchun A Seriya joriy mavsumidagi 16-gol bo‘ldi. 34 yoshli Ronaldu Yevropa top-ligalarida ketma-ket 14 mavsumda 15 ta va undan ortiq gol urgan ilk futbolchiga aylandi. 2006/07-yilgi mavsumdan buyon Krishtianu liga doirasida 414 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

“Barselona” yetakchisi Messi esa “Granada”ga qarshi o‘yinda jamoasining yagona goliga mualliflik qildi.

Bu argentinalik futbolchi uchun 2020-yildagi birinchi golga aylandi. Bu bilan Messi Ispaniya chempionatida ketma-ket 16 yil gol urishga erishgan ilk futbolchi bo‘ldi.

Yevropa kuchli beshlik ligalarida esa bu borada faqat uchta futbolchi Messidan yuqori natija qayd etgan. Ronaldu 18 yildan buyon gol urib kelayotgan bo‘lsa, Jampaolo Patssini (“Verona”) va Jimmi Brian (“Bordo”) ketma-ket 17 yil to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!