“Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronaldu Italiya chempionatining 20-turidan o‘rin olgan bahsda “Parma” darvozasiga ikkita gol urdi (2:1).

Foto: Twitter

Shu tariqa portugaliyalik futbolchining Yevropa kuchli beshlik ligalaridagi gollari soni 432 taga yetdi. Bu borada Ronaldu parallel o‘yinda ishtirok etayotgan “Barselona” hujumchisi Lionel Messiga yetib olgandi.

Oradan 26 daqiqa o‘tib argentinalik futbolchi “Granada” darvozasiga to‘p kiritdi (1:0) va gollari sonini 433 taga yetkazib oldi.

Bu orqali Messi Yevropa kuchli beshlik ligalaridagi gollar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Krishtianu esa ikkinchi bo‘lib turibdi. Kuchli uchlikni 366 ta gol bilan Jimmi Grivz egallagan.

Shuningdek, Messi La Liga doirasida “Kamp Nou”dagi 250-golini urdi. Bu esa mazkur stadion uchun rekord hisoblanadi. “Real” sobiq hujumchisi Ronaldu esa liga doirasida “Santyago Bernabeu”da 178 ta gol urgan va bu eng Madrid arenasidagi yaxshi natija hisoblanadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!