Rossiyaning “Renova” kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tuzishni taklif qildi. Shuningdek, Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh elektrostansiyalari qurish bo‘yicha tenderlarda ishtirok etish istagini ham bildirdi. Bu haqda Toshkentda O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov va “Renova” kompaniyalar guruhi direktorlar kengashi rahbari Viktor Vekselberg ishtirokidagi yig‘ilishda so‘z bordi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Foto: O‘zbekiston Energetika vazirligi

Tomonlar “Raqamli kon” platformasi asosida uglevodorlar ishlab chiqishning samaradorligini oshirish milliy neft markazini tuzish, O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan va alternativ energiyadan foydalanish, Rossiyadan energiya ishlab chiqaruvchi qurilmalarni yetkazib berish kabi masalalarni muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida “Renova” tarkibiga kiruvchi korxonalarda foydalaniladigan texnologiyalar bilan tanishish uchun O‘zbekiston tomoni ishchi guruhini shakllantirishiga kelishib olindi.

“Renova” Rossiyaning yirik biznes guruhi bo‘lib, boshqaruvchi kompaniyalar, investitsion fondlar, metallurgiya, neft, mashinasozlik, konchilik, qurilish, energetika, telekommunikatsiya, nanotexnologiyalar sohalarida aktivlarga egalik qiluvchi va ularni boshqaruvchi kompaniyalarni o‘z ichiga oladi. “Renova” Rossiyadagi energiya ishlab chiqaruvchi eng yirik xususiy kompaniya hisoblanadi, u mamlakatning 20 ta hududida 14 gigavatt quvvatga ega elektr stansiyalarga egalik qiladi.

O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 69 milliard kilovatt soatni tashkil qiladi, biroq mamlakatdagi issiqlik va gidroelektrostansiyalar 64 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Energetika vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilga borib elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 112 milliard kilovatt soatga yetadi va respublika 121 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kerak bo‘ladi. Prognozlarga ko‘ra, umumiy quvvati 26 gigavatt bo‘lgan energobloklar qurish uchun 35 milliard dollar kerak bo‘ladi.