Amerikaning Michigan shtatida yashovchi fuqaro sotib olgan eski divanida uning avvalgi egasi tomonidan pul yashirib qo‘yilganini payqab qoldi va ularni qaytarib berdi. Bu haqda Daily Mail xabar bergan.

Foto: Daily Mail

64 yoshli Govard Kirbi (Howard Kirby) 70 dollar evaziga eskiroq divan sotib olgan. Biroq divanning qattiqligi unga noqulaylik tug‘dira boshladi. Oradan bir necha hafta o‘tgach Kirbi divan astarini almashtirish va nima sababdan yotishda va o‘tirishda noqulaylik paydo bo‘layotganini aniqlashga urindi. U divan qoplamasi ostidagi qutida 43 ming dollar pul borligini ko‘rdi.

Foto: Daily Mail

Foto: Daily Mail

Kirbi advokati bilan suhbatlashgach, pullarni qaytarmasa ham qonun buzilmasligini bildi. Lekin shunga qaramay vijdoniga qarshi bormadi va divanni sotib olgan xayriya do‘koniga pullarni olib borib, ularni eski egalariga qaytarishni iltimos qildi.

Keyinchalik, Kim Fo-Nyuberri (Kim Fauth-Newberry) ismli qizning bobosi vafotidan keyin divanni xayriya qilgani ma’lum bo‘ldi. Qiz divan ichida pullar yashirilganini xayoliga ham keltirmaganini aytgan. Oila avvaliga divanni yoqmoqchi bo‘lgani, biroq xayriya do‘koni uni olishga rozi bo‘lgach ushbu fikrdan qaytganini bildirgan.

Foto: Daily Mail

“Bu pullar ularga tegishli edi. Men jamg‘arilgan pullarning egalariga qaytarilganidan xursandman. Har bir halol inson o‘rnimda bo‘lganida shunday qilgan bo‘lardi”, – degan Kirbi.

Foto: Daily Mail