AQShning Richmond shahrida qurol saqlash va uni olib yurish huquqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan namoyish bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi The New York Times.

Foto: Fox News

Aksiya qurol olib yurish huquqini himoya qiluvchi Virginia Citizens Defense League harakati tomonidan tashkillashtirilgan. Norozilik namoyishining o‘tkazilishiga hozirda Virjiniya bosh assambleyasida ko‘pchilikni tashkil etadigan demokratlarning qurol olib yurishni cheklashga oid yangi taklifi sabab bo‘lgan.

Politsiyaning hisob-kitobiga ko‘ra namoyishda 22 mingga yaqin odam qatnashgan. Ko‘pchilik o‘zi bilan qurol, xususan, pistolet va miltiqlar olib kelgan. Aksiyada kuchaytirilgan xavfsizlik qoidalariga amal qilingan bo‘lsa-da, namoyish tinch o‘tgan: politsiya bir kishinigina hibsga olgan.

The New York Times’ning yozishicha, norozilik namoyishi ishtirokchilarining bir qismi AQSh prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgan. Prezident o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali demokratlar amerikaliklarning konstitutsiyaviy huquqini buzayotganini ma’lum qilib, respublikachilarga ovoz berishga chaqirgan.