“Daryo”da “G‘ijduvonda elektr uzilishlari ko‘paydi. ‘Buxoro hududiy elektr tarmoqlari’ AJ xodimining aytishicha bunga viloyat hokimligi tasdiqlab bergan jadval sabab bo‘lyapti” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Foto: “Daryo”

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” AJ ning munosabat bildirishicha, ob-havoning keskin sovushi va mamlakatimizning ayrim hududlarida qalin qor yog‘ishi elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojni oshirib, elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasida uzilishlar kuzatilmoqda. Jumladan Buxoro viloyatining barcha tuman va shahar hududlarida ham vaqtinchalik  uzilishlar yuzaga kelyapti, - deyiladi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmatining munosabatida. Nosozlik sabab elektr energiyasini yetkazib berishda yuzaga keladigan muammoli vaziyatda hududlarni elektr energiyasi bilan teng miqdorda ta’minlash munosabati bilan uzilishlar bo‘yicha grafik tuziladi hamda hokimlik organlariga ma’lumot sifatida taqdim etiladi.

“Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasi”(IES)da yuzaga kelgan nosozliklarni tez fursatlarda bartaraf etish choralari Energetika vazirligi tomonidan nazoratga olingan. Nosozlik bartaraf etilgach, elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanishini bildiramiz.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Shuningdek, maqolada hududdan saylangan deputat Zikrullo Fuzaylovning mahalla fuqarolarining tashvishidan bexabar ekanligi ham tilga olingandi.

“Adolat” SDP Buxoro viloyat Kengashi matbuot xizmatining “Daryo”ga qo‘shimcha qilishicha, deputat holat yuzasidan hududda bo‘lib, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan uchrashgan. “Sarimozor” ko‘chasi 45-uyda istiqomat qiluvchi Gulbahor Safarova bilan ham muammolar yuzasidan suhbatlashgan. Hududdagi muammolar asosida G‘ijduvon tuman elektr ta’minoti korxonasi hamda G‘ijduvon tuman yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash foydalanish korxonasiga o‘zining deputatlik so‘rovini kiritgan.

“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 8-moddasiga muvofiq tegishli tashkilotlar deputatlik so‘rovini olgan kundan e’tiboran unga 10 kundan kechiktirmasdan javob yuborishi lozim. Zikrullo Fuzaylov o‘z so‘rovlarida qonunning ushbu moddasini alohida e’tiborga olib, qayd etib o‘tgan”, — deyiladi tahririyatga taqdim etilgan bayonotda.