Farg‘ona viloyatida joylashgan Cho‘ng‘ara qishlog‘iga tashrif buyurgan viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevni kutib olish uchun sovuq kunda yupun kiyingan qizcha qo‘lida non ko‘tarib turgani aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Farg‘ona viloyati hokimligi mazkur muhokamalarga munosabat bildirdi va suratga tushuntirish berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Ma’lum qilinishicha, Shuhrat G‘aniyev qishloqqa tashrif buyurgach, dastlab cho‘ng‘aralik yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

“Hokim uchrashuv bo‘lishi rejalashtirilgan binoga kiraverishdagi ayvonchaga yetganida to‘satdan zal ichidan suratdagi qiz non ko‘tarib chiqib keldi. Hokim uning rayini qaytarmay, nondan totindi va qizni yetaklab zalga kirdi. Shu zahoti cho‘ng‘aralik tashkilotchilarga boshqa bunday qilmaslikni tayinladi. Qizcha zaldan atigi bir, nari borsa ikki daqiqaga ayvonchaga chiqdi xolos”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Viloyat hokimligining ma’lumot berishicha, Cho‘ng‘ara anklav holatdagi qishloq bo‘lib, unda 240 ta xonadon, 1401 nafar aholi yashaydi. Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi barcha mas’ul shaxslar bilan 18-yanvar kuni qishloqqa tashrif buyurgan. Viloyat hokimining tashrifi chog‘ida 320 million so‘mlik dori vositalari olib borilib, barcha ayollar, bolalar, bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Shuningdek, shu kuni fidoyi va faxriy insonlarga “Kosonsoy”, “Tovoqsoy” va “Qiziltepa” sihatgohlariga bepul yo‘llanmalar berilgan. Qishloqdagi 259 nafar o‘quvchisi bo‘lgan maktabga 50 ta kompyuter, sport anjomlari (tennis stoli, to‘plar, boks jihozlari) ikkita televizor, ikki mingta kitob, 30 ta musiqa asbobi sovg‘a qilingan. Shu bilan birga, faxriy oqsoqollarga 50 ta velosiped tarqatilgan.

Hokimning tashrifi vaqtida chetdan qatnab ishlaydigan o‘qituvchilar uchun ikki qavatli uch xonali 15 ta xonadonli uy qurib berish haqida qaror qabul qilindi va yer ajratildi. Bundan tashqari, 50 o‘rinli ilk bolalar bog‘chasi ochildi va yana 80 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurilishiga mablag‘ ajratilib, yer tanlandi. 240 ta xonadonga bepul gaz balonlari tarqatildi.