18-yanvar kuni Bukingem saroyi shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Marklni qirollik majburiyatlaridan mahrum qildi va ularning xarajatlari davlat tomonidan moliyalashtirilishi to‘xtatildi. Yangi kelishuvlarga ko‘ra Garri va Megan zoti oliylari qirollik maqomidan ham ayrilgan. Lekin barchasi murakkab: ular baribir qirollik oilasi a’zolari deb hisoblanaveradi, yangi hayot bo‘yicha sharoitlar esa bahorda kuchga kiradi yoxud 12 oy muddatdan keyin qaror yana qayta ko‘rib chiqiladi. “Breksit”dan keyingi “Megzit” qanday kechgani haqida Meduza hikoyasini e’tiboringizga havola qilamiz.

Foto: AFP

Qirollik maqomiga nima bo‘ldi? Garri va Megan qirollikning barcha imtiyozlaridan mahrum qilindimi?

Barchasidan emas. Garri va Megan qirollik oilasining a’zosi maqomidan mahrum bo‘lmagan. Ular qirollik oilasi a’zosi bo‘lib qoladi, lekin Bukingem saroyi ma’lumotiga ko‘ra rasman Yelizaveta II nomidan ish ko‘ra olmaydi, shu sababli ham endi ularni qirol oilasi a’zosi sifatida zoti oliylari deya chaqirishmaydi. Shu tariqa Garri va Megan davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi va qirollik saroyi bilan bog‘liq har qanday rasmiy lavozimlardan chetlatiladi. Shuningdek, Garri Britaniya armiyasida o‘n yillik xizmat stajiga qaramay harbiy unvonlaridan va Birlashgan qirollik davlatlari yoshlari elchisi maqomidan mahrum bo‘ladi.

Ushbu o‘zgarishlar rasman 2020-yil bahoridan kuchga kiradi. Garri va Megan gertsog va gertsoginya Sassekslar bo‘lib qoladi, ammo qolgan oliy maqomlaridan ayriladi (umuman, oxirgi bayonotlarda Yelizaveta II ham Bukingem saroyi ham ularga gertsog va gertsoginya sifatida munosabatda bo‘lmoqda, Garri va Megan saytida esa barcha ma’lumotlarda zoti oliy(a)lari maqomi bilan berilgan). Garrining onasi malika Diana eri bilan ajrashganidan keyin unga ham Valliya malikasi deb murojaat qilingan va u ham zoti oliyalari maqomidan ayrilgandi.

Hammasi Garri va Megan istaganidekmi?

Yo‘q, bu “Megzit”ning “og‘ir” varianti. Avvaliga Garri va Megan qirollik oilasida Britaniya monarxiyasi institutida yangi ilg‘or o‘rinni saqlab qolishni ko‘zlab, Buyuk Britaniya va Shimoliy Amerikada yashab moliyaviy mustaqillik uchun kurashmoqchi, shu bilan birga qirolichani barcha jabhada qo‘llab-quvvatlab, “qirolicha va Birlashgan qirollik oldidagi burchini ado etmoqchi edi”. Qirolicha va Bukingem saroyining yangi bayonoti bunday aralash rol imkonsizligini bildirdi va juftlik rasman qirolicha nomidan ish ko‘rishi mumkinligi inkor qilindi.

“Biz davlat moliyalashtirish manbalarisiz qirolicha birlashgan qirollik xalqi va mening harbiy assotsiatsiyalarimga xizmat qilishda davom etishimizga umid bildirgandik. Biroq, afsus, buning imkoni yo‘q ekan”, — deya ushbu vaziyatga izoh bergan shahzoda Garri omma uchun tayyorlangan bayonotida.

Qirollik solnomachisi Penni Junorning yozishicha, qirollik oilasining ushbu yo‘l bilan oxiriga yetmaydigan ssenariyni to‘xtatishga urinmoqda.

Gertsog va gertosginya Sassekslar Qirolicha oq fotihasi tufayli qirollik patronajlarini o‘zlarida saqlab qoladi, masalan, Garri Invictus Games’ni boshqarishda davom etadi.

Pullar nima bo‘ladi? Juftlik endi qanday pul ishlab topadi?

Garri va Megan davlat moliyalashtiruvidan chiqarildi. Bu “Megzit”ning bir qismi va u yanvar boshida e’lon qilingan rejaga mos keladi: juftlik suveren grantdan, ya’ni Britaniya toji egalik qiladigan mulk, nazoratdagi va davlat kafolatlaydigan pullardan voz kechgan.

Gertsog va gertsoginyaning rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra grant umumiy daromadning taxminan 5 foizini tashkil qilgan, qolgan 95 foiz Garrining otasi Charlz Uelskiyga tegishli, u o‘ziga qarashli Kornoull grafligidan yiliga 20 million funt daromad oladi. The Daily Mail ma’lumotiga ko‘ra Garriga ushbu pullardan yiliga ikki million funtdan ko‘proq mablag‘ kelib tushadi. Bundan tashqari, 2014-yilda 30 yoshga to‘lgan shahzoda malika Dianadan qolgan merosga ega bo‘lgan — boylikning 10 million funtga tengligi taxmin qilingan. Megan Markl aktrisalik davrida ishlab topgan pullariga egalik qilishi mumkin.

The Telegraph nashrining yozishicha, Charlz gertsog va gertsoginyani joriy yilda Kornuoll grafligi mablag‘lari hisobiga emas, balki shaxsiy investitsiyalari hisobidan moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.

Hal etilmagan yana bir masala — Garri va Meganning tijoriy maqsadlar yo‘lida shaxsiy brendlaridan foydalanish yoki foydalana olmasligidir. Avval ular kiyim-kechak va kanselyariya buyumlari ishlab chiqaruvchi Sussex Royal brendini ro‘yxatdan o‘tkazishga, shuningdek, xayriya va ma’rifiy maqsadlarda “Ruhiy ko‘mak guruhi” tashkiloti tuzishga urindi. Juftlikning qirolicha vakillari emasligi, brendning qirollik estetikasidan foydalanishi Garri va Meganni Sussex Royal’ga pul tikishiga to‘sqinlik qiladi.

Avval g‘arb OAVlari gertsog va gertsoginyaning yanvar oyidagi bayonotidan avval Megan Marklning Disney kompaniyasi bilan shartnoma tuzgani va multiplikatsion filmlar qahramonlariga ovoz berishi haqida yozgandi. Ammo CNN ma’lumotiga ko‘ra Garri ham Megan ham hozircha hech qanday tijorat kelishuvlarini imzolamagan.

Ular qayerda yashaydi?

Juftlik bo‘sh vaqtining asosiy qismini Kanadada o‘tkazadi. Garchi Megan amerikalik bo‘lsa ham uni Kanada bilan ko‘p narsa bog‘lab turadi, 2011-yilda u Torontoda muntazam yashagan va “Fors-majorlar” serialida suratga tushgan.

Juftlik Britaniyaning Vindzor grafligida joylashgan Frogmor kottejini ham saqlab qolmoqchi, uy qirollikning Crown Estate fondiga tegishli. Avval BBC xabar qilganidek, xonadon ta’miri uchun 2019-yilda soliq to‘lovchilarning ichki g‘aznasi hisobidan 2,4 million funt mablag‘ sarf qilingan. Taxminlarga ko‘ra faqat tashqi ta’mirning o‘zi uchun budjetdan mablag‘ ajratilgan va Garri hamda Megan ichki pardoz uchun o‘z shaxsiy budjetidan pul bergan.

Bukingem saroyining yangi xabarida Garri va Meganning Frogmorsk kottejiga sarflagan pullarini qaytarmoqchi ekanligi bildirilgan. Bayonotda uy juftlikning Britaniyadagi rezidensiyasi bo‘lib qolishi qayd etilgan, ammo ularning ijara uchun pul to‘lash yoki to‘lamasligiga aniqlik kiritilmagan. The Daily Mail qirollik oilasiga yaqin manbalarga tayanib, gertsog va gertsoginyaning kottej uchun yiliga 360 ming funt to‘lashi haqida xabar qilgan.

Shuningdek, Garri va Meganni qo‘riqlash uchun yigirma to‘rt soatlik harbiy qo‘riqchilar jalb qilinish yoki qilinmasligi ham noma’lum. Ushbu xizmat qirollik oilasi a’zolariga qirollik granti haqidagi hujjat asosida taqdim qilinadi. Bukingem saroyi xavfsizlik nuqtayi nazaridan ushbu ma’lumotga izoh bermagan. Xizmat narxining qancha turishiga ham oydinlik kiritilmagan.

Juftlik bo‘sh vaqtining ko‘p qismini Kanadada o‘tkazishini, Britaniya xavfsizlik xizmati xodimlarining xorijda qurol bilan yura olmasligi inobatga olinib, Garri va Meganni qo‘riqlash (yiliga 500 mingdan 1 million funtgacha) Kanada soliq to‘lovchilari zimmasiga yuklanishi mumkin. Mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo ushbu ma’lumotga izoh berishni istamagan va muhokamalar hali yakuniga yetmaganligini bildirgan.

Garri va Megan “Megzit”ni bekor qilishi mumkinmi?

Ha, nazariy jihatdan ushbu variantning imkoni hali ham mavjud. CNN’ning yozishicha, barcha o‘zgarishlar joriy yilning bahorida kuchga kiradi va 12 oydan keyin qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Ehtimol, ular qirollik majburiyatlarini bajarishga qaytishni istab qolar. Balki saroyda yana kerak bo‘lib qolishar. Menimcha, ko‘priklarni yoqmaslik eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi”, — deya vaziyatga izoh bergan qirollik biografi Penni Junor.