Joriy yilning 17-yanvar kuni Bank-moliya akademiyasida (BMA) “O‘zbekiston Milliy banki” AJ tomonidan “Gazprombank” (aksiyadorlik jamiyati) (GPB AJ) bilan hamkorlikda “Chakana biznes rivoji” mavzusida seminar tashkil etildi.

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-oktabrdagi “Bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4503-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda Bank-moliya akademiyasi faoliyatini takomillashtirish, akademiya tinglovchilari, “O‘zmilliybank” AJ va boshqa tijorat banklari mutaxassislarining banklarda chakana savdo rivoji masalalari bo‘yicha malakasini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Dastavval “Gazprombank” delegatsiyasi “O‘zmilliybank” AJning bosh ofisiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida “O‘zmilliybank” AJ hamda “Gazprombank” AJ rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

  • Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalambor, tajriba almashish, — deya ta’kidladi “Gazprombank” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Zauyers Dmitriy, “O‘zmilliybank” AJning bosh ofisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, darhaqiqat, banklarning texnologik jihatdan o‘zgartirmasdan turib aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishning iloji yo‘q. Bu oxir-oqibat, iqtisodiy rivojlanishga, aholining daromadlarini o‘sishiga yordam beradi. Biz ko‘p yillik tajribaga egamiz va o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan o‘z bilimlarimizni bajonidil bo‘lishishga tayyormiz. O‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi hamkorlikda amalga oshirish uchun yangi rejalar ustida ish olib bormoqdamiz. Nafaqat O‘zbekistondagi banklar bilan, balki BMA tinglovchilari bilan ham tanishish niyatidamiz. Bizning ma’ruzalarimiz O‘zbekiston Respublikasi bank sohasining rivojiga hissa qo‘shadi deb umid qilamiz.
  • Kuzatuvimizga tayanib aytishimiz mumkinki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning davlat va xususiy banklarida chakana savdo rivoji asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanmoqda, — “Gazprombank”ning boshqaruv a’zosi, chakana savdo bloki boshlig‘i Aleksey Popovich o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi, — Bu mutlaqo to‘g‘ri. Sir emaski, chakana savdo nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda yuqori tezlik bilan rivojlanmoqda. Mazkur yo‘nalish yuqori marraga ega bo‘lib, shu bilan birga, o‘ziga mijozlarni jalb eta oladi.

Shundan so‘ng “Gazprombank” AJ a’zolari seminar o‘tkazish maqsadida BMA binosiga yetib kelishdi.

“Gazprombank” AJning rahbar xodimlari “Bank transformatsiyasi. Chakana biznes”, “GPB (AJ)ning transformatsiya dasturi” mavzularidagi taqdimotlarni ishtirokchilar e’tiboriga havola etdilar. Seminar davomida raqamli transformatsiyaga o‘tish, asosiy chakana mahsulotlar, sotish ofislaridagi mijozlar oqimi bilan ishlashning qoidalari va yangi usullari haqida ma’lumotlar berildi. “Gazprombank” chakana sektorining strategiyasi va yutuqlari, raqamli texnologiyadan foydalangan holda chakana savdo maydonini qurish bo‘yicha tajribalar bilan bo‘lishdilar.

Biz O‘zbekistondagi banklar tomonidan tanlangan mahsulot yo‘nalishlarini rivojlantirishdagi muhim fokuslar bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldik. Ta’kidlash kerakki, yo‘nalishlar to‘g‘ri tanlangan. Avvalambor, aholini kredit bilan ta’minlash masalasi. Darhaqiqat, kredit berish tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan hamda yuqori mahsulot hisoblanadi.

“Gazprombank” vakillari YaIM mahsulotning dinamik o‘sishi, respublika aholisi soni va real daromadlari hisobiga O‘zbekistonda chakana bank xizmatlarining tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan bozori butun MDHda eng istiqbolli ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, delegatsiya a’zolari yurtimizda bank sohasidagi malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni e’tiborga olgan holda O‘zmilliybank hamda Bank-moliya akademiyasi bilan doimiy hamkorlikka tayyor ekanliklarini aytib o‘tishdi.

Seminar so‘ngida savol-javoblar uchun vaqt ajratildi.

Ta’kidlash kerakki, ishtirokchilar chakana savdo bo‘yicha bank transformatsiyasidagi xalqaro tajriba, chakana mahsulotlar, bozor va tendensiyalar bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan seminar davomida o‘z ish faoliyatlarida qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘plab qiziqarli va foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

“O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida.