Samarqand tuman hokimligi nashri — “Gulobod tongi” gazetasi muharriri N. Karimov tuman mahalla jamoat fondi rahbarini obuna rejasini bajarmagani uchun koyiydi, va’dabozlikda ayblaydi. Bu haqda “Daryo” o‘quvchilari tomonidan yuborilgan xatda ma’lum qilingan.

Foto: “Daryo”

“Daryo” tahririyatiga yuborilgan xatdan ma’lum bo‘lishicha, gazeta muharriri rahbarga yillik 740 dona obuna qilib berishi lozimligini, ammo va’da bajarilmaganini yozadi. Bo‘limda obunaga panja orasidan qaralayotganini aytadi.

— Rahbar qaysi lavozim va mansabda bo‘lishidan qat’i nazar eng avvalo pok lafzi, siyosiy irodasi, qat’iyat va ma’naviyati, tashkilotchilik va talabchanligi bilan el-yurt e’tiborini qozona oladi? Shunday emasmi? — deydi gazeta muharriri mahalla jamoat fondi rahbariga yozgan xatida.

Xatdan aniqlanishicha, gazeta muharriri obuna masalasida tuman Mahalla jamoat fondi rahbarining oldiga 3 marta, xodimlari esa 5-6 marta borgan.

Foto: “Daryo”

Gazeta muharriri bo‘lim rahbari M. Nabiyevga yozgan xatida bo‘lim 237 dona obuna bo‘lganini yozar ekan, bo‘limda aniq hisob-kitob yo‘qligini, nazorat va ijro sustligini tanqid qiladi. Gazeta yanvar oyi sonining 503 nusxasi bo‘limga qarashli mahallalarga tegishli ekanligini aytib, mazkur gazetalar narxi 1 million 760 ming 500 so‘m bo‘lishini ma’lum qiladi.

— Va’dabozlik, o‘zibo‘larchilik, obunani o‘yinga aylantirish havoyi raqamlarni pesh qilish tahririyat uchun og‘ir zarba ekanligini sizga eslatmoqchimiz, — deyiladi xatda. Va bo‘lim tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar gazetada chop etilmasa, maqsadga muvofiq bo‘lmasligini ta’kidlaydi.