O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari mamlakat bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tasdiqladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Abdulla Aripov yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasuturini o‘qib berdi. Shundan so‘ng bir guruh deputat va senatorlar bosh vazir lavozimiga nomzodi qo‘yilgan Abdulla Aripovning o‘tgan davrdagi faoliyati borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Musa Yerniyazov, Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilorom Fayziyeva, Samarqand viloyati hokimi, senator Erkinjon Turdimov, Termiz davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov, Andijon viloyati hokimi, senator Shuhrat Abdurahmonov, O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Hayitov, O‘zXDP yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov fikr bildirdi.

Qo‘shma majlisda qatnashayotgan 150 nafar deputatdan 148 nafari, 97 senatordan 94 nafari Abdulla Aripov nomzodini ma’qullab ovoz berdi. Bir nafar deputat betaraf qolgan, yana biri ovoz bermagan; senatorlardan uch kishi ovoz bermagan. Deputatlar orasida ham, senatorlar orasida ham qarshilar bo‘lmagan.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining 21-yanvar kungi qo‘shma majlisida bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etgani haqida xabar berilgan edi.

Undan avvalroq, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini O‘zbekiston Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan edi.

O‘zLiDeP 2019-yilgi parlament saylovlari yakunlariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p — 53 ta deputatlik o‘rnini egallagani bois bosh vazir nomzodini ilgari surish huquqini qo‘lga kiritgan edi.

Qayd etish joiz, Abdulla Aripov raisligidagi avvalgi hukumat 20-yanvar kuni Senatning birinchi yalpi majlisida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishini ma’lum qilgan edi.