21-yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 00:05 da Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumani Prichulimskiy aholi yashash punkti Svoboda ko‘chasidagi bir qavatli yog‘ochdan qurilgan 1/3-uyda yong‘in sodir bo‘lgan.

Foto: “Vesti.ru”

Yong‘in natijasida uyning 208 kvadrat metr maydonda tom va shift qismi yonib, qulagan. Birlamchi ma’lumotga asosan ushbu xonadonda 12 nafar O‘zbekiston fuqarosi yashagan.

“Ulardan 10 nafari voqea joyida halok bo‘lgan va ikki nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilib, javob berilgan. Ular ‘Grinvud’ yog‘och tayyorlash kompaniyasi ishchilari bo‘lgan”, — deyiladi FVV axborotida.

Vafot etgan fuqarolar Tomsk viloyati Asino shahridagi tuman shifoxonasi o‘likxonasida saqlanmoqda. Mazkur holat yuzasidan voqea joyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Shuningdek, O‘zbekiston FVV, TIV, IIV hamda hududiy konsullik xizmatlari bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning shaxsiga aniqlik kiritish va ularni vataniga olib kelish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda”, — deya qo‘shimcha qilingan FVV axborotida.