Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz Aqqulov Toshkentdagi “Wyndham” mehmonxonasida yoshlar bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi

Tadbirda jamoat tashkilotlari va chet eldagi diasporalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Saidov, Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Sanjar Tojiyev hamda Yoshlar Ittifoqi raisi o‘rinbosari Farruh Omonov ham ishtirok etdi.

Yoshlarga O‘zbekiston turizmi statistikasi, sohadagi islohotlar, o‘zgarishlar, xorijdagi vatandoshlarning O‘zbekistonga sayohat qilishiga doir targ‘iboti bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, 2019-yil mobaynida xorijdagi 4000 nafardan ortiq yosh targ‘ibotga jalb etilgan. Ular bilan hamkorlikda 100 dan ortiq tadbir o‘tkazilib, 60 000 dan ortiq targ‘ibot materiallari tarqatilgan.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston yoshlarni ichki turizmga jalb qilishda ulkan salohiyatga ega. Bugunga kelib mamlakatda jami 10 915 ko‘ngilochar maskan va turistik obyekt faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish, sayyohlarni jalb etishda turli ommaviy-madaniy ko‘ngilochar tadbirlar ahamiyatini hisobga olib, o‘tgan yildan boshlab har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda turli ommaviy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Xususan, 2020-yilda respublika miqyosida 122 ta tadbir o‘tkazilishi va ularda asosan yoshlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi

Uchrashuv davomida yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, tarixga qiziqishini oshirish, turizm sohasiga jalb etish maqsadida 2020-yilning fevral oyida “Navro‘z” madaniyat va istirohat bog‘ida “Turizm laboratoriyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lum qilindi.

—Turizm laboratoriyasida zamonaviy kutubxona, kovorking markazi, bepul Wi-Fi, xorijiy ekspertlar tomonidan yoshlar uchun vebinarlar, turli treninglar o‘tkazish hamda talabalar uchun turizm sohasidagi kitoblar, jurnallarga bepul obuna va onlayn kutubxonalardan foydalanish kabi imkoniyatlar yaratiladi. Laboratoriyada yoshlar tomonidan zamonaviy targ‘ibot materiallari, kreativ suvenir hamda hunarmandchilik mahsulotlarining yangi namunalari ishlab chiqiladi, — dedi qo‘mita raisi.

Shuningdek, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha alohida klub tashkil etilib, yoshlar orasidan eng faol, eng tashabbuskorlari kordinator sifatida tanlab olinadi. Ularning faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratilib, ish bilan ta’minlash sharti asosida to‘lov-kontrakt summalarini to‘lab berish, loyihalarni moliyalashtirish, sayohatlar va xorijiy stajirovkalar tashkil etish kabi rag‘batlantirish mexanizmlari joriy qilinadi.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi

O‘tkir Saidovga ko‘ra O‘zbekistonda Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan va shu asosda ishlangan loyihalarni amalga oshirish natijasida 2020—2025-yillarda mamlakatda yoshlar turizmini rivojlantirishga oid maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olingan. Jumladan, xorijlik yosh sayyohlar sonini 1,3 milliondan 2020-yilda 2,2 millionga, 2023-yilga 3,3 millionga, ichki turizm bo‘yicha yosh sayyohlar sonini 8,1 milliondan 2020-yilda 10 millionga, 2023-yilda esa 13,6 millionga yetkazish, 2020-yilda 20 ta, 2023-yilda 60 ta xalqaro darajadagi tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yoshlarning turizmga doir yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, sohada kadrlar salohiyatini rivojlantirishga oid ma’lumotlar taqdim etildi.

Shundan so‘ng yoshlar Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisiga turli savollar bilan murojaat qilib, sohani rivojlantirishga doir fikr-mulohazalari hamda takliflari bilan o‘rtoqlashdi.