Qarshida “avtomobil bozori” rahbarlarining noqonuniy faoliyati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi shahar “Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori” MChJ rahbari B.A. va boshqalar 2015—2018-yillar va 2019-yilning 10 oyi davomida bozorda faoliyat yurituvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlardan undirilgan 3,5 milliard so‘m ijara to‘lovlarining 1,3 milliard so‘mini o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatib, talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan B.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.