Bektemir tuman hokimligida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, tuman hokimi o‘rinbosari, tuman prokurori, soliq va sanitar-epidemiologiya idoralari vakillari hamda “Qo‘yliq” dehqon bozorining mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi IIBB matbuot xizmati.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Yig‘ilish davomida bozor va uning atrofidagi vaziyatni yaxshilash uchun qo‘llash kerak bo‘lgan zaruriy chora-tadbirlar muhokama qilindi. Birinchi navbatda sanitariya talablari, avtotransport vositalari uchun turargohlar, xizmat ko‘rsatish darajasi, savdo qilish uchun sharoitlar yaratish masalasiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, “Qo‘yliq” bozori hududida tartib o‘rnatish va xavfsizlikni oshirish uchun tovarlarni olib kirish va olib chiqishni qayd qiluvchi, yuk tashuvchilar ishini kuzatadigan dispetcherlik xizmatini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Bundan tashqari quyidagi takliflar ham bildirildi:

  • bozor ishchilari uchun maxsus forma joriy etish;
  • sotish uchun mo‘ljallangan pichoqlarni qat’iy ravishda qulfli shisha vitrina ostida maxsus saqlash;
  • mahalliy jamoat ovqatlanish maskanlari va dorixonalarda alkogol va boshqa spirtli mahsulotlar savdosi nazoratini kuchaytirish, bozor va uning atrofida quyma alkogol mahsulotlarining sotilishini taqiqlash;
  • bozorda o‘zini tutish qoidalari haqida maxsus bukletlar tayyorlash va tarqatish, shuningdek, bozorga plakatlar o‘rnatish;
  • jamoat tartibini va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun chaqiruv tugmalarini o‘rnatish.

Ta’kidlanishicha, hozirga kelib bozor hududiga 210 IP-kamera o‘rnatilgan, avtoturargohlarni tashkillashtirish bo‘yicha taklif kiritilgan, jamoatchilik nazorati shtabi tashkil etilgan, bozorga kirish-chiqishda yuzni tanishga qodir uchta intellektual kamera o‘rnatilgan.