Toshkent shahar prokuraturasi 15-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan va keyinroq olib tashlangan videorolik yuzasidan tushuntirish berdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda tarqalgan rolikdagi jasadlar Narimon Grigoryanga tegishli bo‘lmagan. Tasvirdagi bir necha murda ichki o‘quv mashg‘ulotlarimizda yosh ish o‘rganuvchi mutaxassislarning voqea joyiga chiqib, ularni malakasini oshirish bo‘yicha ichki xizmatda tayyorlangan roliklar edi.

Operatorimizning xatosi tufayli birdaniga to‘rtta rolik yuklangan. Ichki xizmatda foydalanish kerak bo‘lgan rolik texnik xatolik sabab internet sahifalarimizda e’lon qilingan. Shu bois uzrimizni so‘radik. Buni OAVlar biroz noto‘g‘ri talqin qilishdi.

Rolikda dizayner haqida bir og‘iz so‘z ham yozilmagan. Hatto ism-familiyasi ham keltirilmagan. Bu texnik xatomiz uchun bugun yana bir bor uzr so‘raymiz.

Sevara Saidjonova, Toshkent shahar prokurori katta yordamchisi

Toshkent shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rasuljon Botir o‘g‘lining qo‘shimcha qilishicha, Narimon Grigoryan murdasida o‘tkir tig‘li qurol ta’sirida yetkazilgan tan jarohatidan tashqari birinchi va ikkinchi darajali kuyish jarohatlari ham bo‘lgan.

“Rolikdagi jasad Narimon Grigoryanga tegishli emasligini shundan ham bilsa bo‘ladi. Marhum yashagan xonadon ichida kichik-kichik hajmda yonish holati bor. Ammo uy butunlay yonmagan. Chunki eshik-derazalari yopiq bo‘lgan”, — dedi Rasuljon Botir o‘g‘li.