Tomsk viloyatining Prichulim posyolkasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 kishiga yetdi. Bu haqda Rossiya FVVga tayanib “TASS” xabar berdi.

Foto: “Vesti.ru”

Moskva vaqti bilan soat 07:03 da yana bir marhumning jasadi topilgan. Bu hisob bo‘yicha o‘n birinchi.

Favqulodda xizmatlar tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra uydan chiqishga ulgurib qolgan ikki kishi jarohat olib, ambulatoriyaga yotqizilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yog‘ochlarni arralashga mo‘ljallangan uyda “Grinvud” yog‘och tayyorlovchi kompaniyaning 12 nafar ishchisi yashagan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra halok bo‘lganlarning kamida besh nafari O‘zbekiston fuqarosi. “Uy ichida ko‘proq odam bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozirda bunga aniqlik kiritilmoqda”, — deyiladi FVV xabarida.

O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljonov ham ushbu ma’lumotni tasdiqlagan. “Halok bo‘lganlarning besh nafari O‘zbekiston fuqarosi, ularning shaxsi aniqlanmoqda. Biz halok bo‘lganlarning jasadini O‘zbekistonga qaytarish uchun yordam ko‘rsatishga tayyormiz”, — deydi Qobuljonov.