Biz har kuni turli xil sabzavot iste’mol qilamiz. Foydali vitamin va ozuqa manbai bo‘lgan sabzavotning ham kelib chiqish tarixi borligini ko‘p ham fikr qilavermaymiz. Sabzavotlarning ayrimlarini ajdodlarimiz juda qadim zamonlarda madaniylashtirgan bo‘lsa, yana ayrimlari bilan odamlar yaqin uch-to‘rt asr muqaddam tanishgan xolos. Quyida bizga yaxshi tanish bo‘lgan va ozuqa manbai sifatida taomlarimizga qo‘shadigan sabzavotlarimiz tarixi haqida qisqacha hikoya qilmoqchimiz.

Tarixchilar odamlar sabzavotlarni ekish va o‘stirishni odamzot hali tosh asridayoq o‘zlashtirgan deyishadi. Avvaliga ibtidoiy odamlar shunchaki yovvoyi holda o‘sib turgan meva va sabzavotlarni iste’mol qilgan. Keyinchalik ularning urug‘ va danaklarini saqlab, ekib ko‘paytirish orqali asta-sekin dehqonchilikka o‘rganishgan. Vaqt o‘tishi bilan esa ekilayotgan narsalarning eng yaxshilari, hosildor, shirin va dorivorlari saralanib, seleksiya jarayoni amalga oshib borgan. Shu tariqa uzoq asrlar davomida odamlar sabzavotlarni biz bilgan bugungi ko‘rinishga keltirdi.

Kartoshka

Foto: Google Photos

Bugun aksar taomlarni kartoshkasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq kartoshka biz taraflarga yaqin ikki asr muqaddam kirib kelgan xolos. Uni avvaliga noma’lum zamonlarda Janubiy Amerika hindulari madaniylashtirgan. Yevropaga esa birinchi marta 1565-yilda ispan dengizchilari keltirgan. Avvaliga yevropaliklar bu o‘simlikni ozuqa manbai sifatida emas, balki dekorativ o‘simlik sifatida o‘stirgan. 1800-yilda ham hali Yevropada kartoshka noyob narsa sanalgan va odamlar bayramlarda uni bir-biriga sovg‘a qilgan. 1830–1840-yillarda esa Yevropaning ayrim mamlakatlarida dehqonlar kartoshka ekishga majburlangani uchun g‘alayonlar ham bo‘lib o‘tgan. Uni yomon ko‘rib qolgan fermerlar “jinni olma” deb ham atagan. Hozirda esa bu eng ko‘p ekiladigan ekinlardan biridir.

Pomidor

Foto: Google Photos

Pomidor ham Janubiy Amerikadan keltirilgan. Hozirda ham yovvoyi pomidor o‘simligini Peru changalzorlarida uchratish mumkin. Pomidorni ham XV asrda ispan kemalari Yevropaga keltirgan bo‘lib, bu ham avvaliga dekorativ o‘simlik sifatida tuvaklarda o‘stirilgan. XIX asr boshlarida ham pomidorni zaharli deb o‘ylashar edi. AQSh prezidenti Jorj Vashingtonning dushmanlari uni zaharlab o‘ldirish maqsadida pomidor yedirgani ma’lum. Hozirda har bir xonadonda tuzlama va shakarobdan muqim o‘rin egallagan pomidor faqat XIX asrning ikkinchi yarmidan keyin ozuqa sifatida ommalasha boshlagan.

Sabzi

Sabzi eng qadimdan ma’lum ildizmeva sabzavotlardan biridir. Uni odamlar bundan 4 ming yil avval ham iste’mol qilgan. O‘rta asrlarda sabzining bir necha navi yaratilgan. Xususan, XVII asrda sabzining eng yaxshi navlaridan biri – karotel olingan edi. U deyarli hamma taomlardan o‘rin oladigan muhim ozuqa manbai bo‘lgan. Frank imperatori Buyuk Karlning eng yaxshi ko‘rgan narsasi sabzi bo‘lgani manbalarda yozilgan.

Foto: Google Photos

Qizig‘i, sabzini avvaliga ildizmevasini emas, barglari va urug‘ini ziravor sifatida iste’mol qilishgan. Uning vatani sifatida hozirgi Afg‘oniston hududi e’tirof etiladi. Sabzi yetishtirish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda yetakchi mamlakatlar qatorida turadi. Xususan, 2016-yil statistikasiga ko‘ra, O‘zbekiston sabzi yetishtirish borasida Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni egallagan.

Sarimsoq

Foto: Google Photos

Sarimsoq ham eng qadimdan iste’mol qilinadigan sabzavotlar qatoriga kiradi. Uni qadimgi Misrda va Xitoyda yaxshi bilishgan. Xususan, Xeops ehromida sarimsoq tasviri mavjud. Uni albatta noxush hidi tufayli ko‘pchilik xush ko‘rmaydi. Qadimda sarimsoqni dorivor xususiyatlari uchun ham alohida ekib, ko‘paytirishgan. Rimliklarda esa sarimsoq harbiy yoki siyosiy mavqega ega bo‘lmagan, oddiy fuqaroning taomi sifatida qaralgan. Zodagonlar esa sarimsoq iste’mol qilishgan tiyilgan. Sarimsoqning vatani O‘rta Osiyo deb qabul qilingan.

Piyoz

Foto: Google Photos

Piyoz ham juda qadimdan ma’lum ozuqadir. Uni qadimgi Misr aholisi juda ardoqlagan. Yunonlar esa piyozni ilohiy o‘simlik deb bilgan. Uning qavat-qavat ichki tuzilishini Koinot tuzilishiga, ya’ni osmon qavatlariga qiyoslashgan. Yunonlarning dala va o‘rmonlar ma’budi Pan ham piyozboshi ko‘rinishida tasvirlangan. Shunga qaramay, zodagon rimliklar singari, zodagon yunonlar ham piyoz iste’mol qilishni o‘ziga ep ko‘rmagan. Uning o‘tkir hidi og‘izdan noxushlik keltirib chiqargani bunga sabab bo‘lgan. Aksincha, rimliklarda esa kishining ijtimoiy darajasidan qat’i nazar, deyarli hamma piyozni ko‘p iste’mol qilgan. Piyozning vatani hozirgacha aniq belgilanmagan.

Loviya

Foto: Google Photos

Loviya haqidagi ilk yozma manbalar miloddan avvalgi 2800-yillarda taalluqli Xitoy solnomalarida uchraydi. O‘shanda xitoyliklar loviyani guruch bilan qo‘shib qaynatish orqali taom tayyorlash haqida bitik bitgan. Zamonaviy Peru va Meksika hududlarida yashagan qadimgi hindular esa bundan 5 ming yil muqaddam ham loviya iste’mol qilgani aniqlangan. Rimliklar esa loviyani terini yoshartiruvchi kosmetik vosita sifatida ko‘proq ishlatgan. Biroq Yevropada loviya Kolumbning Amerikaga sayohatlaridan keyingina ommalashgan. O‘shanda ispan kemalari Markaziy Amerika mintaqasidan loviyaning ko‘plab turlarini urug‘ini olib kelib, ko‘hna qit’ada ekish boshlab yuborilgan.

Bodring

Foto: Google Photos

Bodringning vatani Hindiston deb aytiladi. Haqiqatan ham, Hindiston changalzorlarida hozirda ham bodringning yovvoyi turlari o‘sadi. Bundan 3 ming yil avval yozilgan hind manbalarida bodring iste’moli haqida qaydlar mavjud. Shuningdek, misrliklar ham bodringni yaxshi bilgani turli yodgorliklardagi bodring tasviri orqali ma’lum bo‘ladi. Yunonistonda esa butun boshli shahar Sikion, ya’ni “bodring shahri” deb atalgan. Bu shahar mamlakatni bodring bilan ta’minlagan bo‘lsa kerak.

Qalampir

Foto: Google Photos

Qalampirning vatani sifatida Janubiy Amerikaning tropik mintaqalari tan olingan. Peru hududidan topilgan ayrim sag‘analarda odam suyaklari yonida qalampir qoldiqlari ham aniqlangan. Peruliklar qalampirga ilohiy tus berib, uni marhumlar bilan birga ko‘mgan bo‘lsa kerak. Hozirda ham Chili qalampiri yovvoyi holda Janubiy Amerikada ko‘p o‘sadi. Qalampirni ham ko‘hna dunyoga Kolumb kemalari keltirgan degan qarash mavjud. Kolumb kemasi bort jurnalida 1493-yilning 15-yanvar kuni Gaiti orolida achchiq mevani yeb ko‘rgani yozilgan.

Karam

Foto: Google Photos

O‘rta Yer dengizi havzasi atrofida yashaydigan xalqlar taomnomasida karam juda qadimdan buyon mavjud. Shunga e’tiboran, karamning vatani ushbu dengiz sohillari sanaladi. U deyarli 4,5 ming yildan beri ratsionimizni boyitib kelmoqda. Xususan, qadimgi yunon faylasufi va botanigi Teofastning asarlarida karamning navlari haqida batafsil yozilgan. Afina dehqonlari yetishtiradigan uch xil karam navining dorivor xossalarini Teofast mufassal yozib chiqqan edi. Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida ham karamning shifobaxsh xususiyatlari juda keng qamrovli yoritilgan bo‘lib, u orqali o‘rta asrlarda yevropaliklar karamni dorivor ozuqa sifatida juda ko‘p targ‘ibot qilgan.

Lavlagi

Foto: Google Photos

Lavlagi bundan 2 ming yil avval Old Osiyo (hozirgi Turkiya) hududida madaniylashtirilgan. Uning vatani sifatida esa O‘rta Yer dengizi orollari qayd etiladi. Lavlagining yovvoyisi hozirda Eron hududida uchraydi. Qadimgi Eronda lavlagi janjal va g‘iybat ramzi bo‘lgani ham qiziq. Uni forslar faqat tabib tavsiya etganda, dori sifatida iste’mol qilgan ekan. Faqat miloddan 800 yilcha avval uni Old osiyolik dehqonlar yirik miqdorlarda ekib, ozuqa uchun ishlata boshlagan. Qadimgi Yunoniston va Rimda ham lavlagi keng iste’mol qilingan. Imperator Tiberiy bo‘ysundirilgan german qabilalariga har yili muayyan miqdorda lavlagi keltirish majburiyatini qo‘ygani ma’lum. Aynan shu sababli Germaniyaning Reyn daryosi vodiysida lavlagi ekish hozirgacha juda rivojlangan.

Muzaffar Qosimov