O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sohasida hali ham “dastlabki qadamlarni qo‘ya olmayapti”. O‘zbekiston transport, qurilish va ichimlik suvi ta’minoti sohalarida ahvol yaxshi emas. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi chiqishida ta’kidlab o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yoqilg‘i-energetika sohasi — eng og‘ir masala. Bu sohada hali dastlabki qadamlarni ham qo‘yolmayapmiz. Bu sohalarda korrupsiya, poraxo‘rlik juda ko‘p — yillar davomida korrupsiya botqog‘iga botib ketgan.

Geologiya bilan oxirgi 25 yil davomida hech kim shug‘ullanmadi. Bor ilmiy salohiyatni ham yo‘q qildik. Geologiyasiz sanoatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Bu tizimda kadrlar ham yo‘q. “Yaxshi geologlar bormi? Ilmiy guruhlar bormi? Akademiklar bormi? Shu soha bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan muassasa bormi?”, deyilsa, “yo‘q” deb javob beraman.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Qayd etish joiz, Prezident 20-yanvar kuni Senatning birinchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida ham geologiya sohasidagi muammolar haqida to‘xtalib o‘tgan edi.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Geologiyaga oxirgi 20 yilda 2 milliard so‘m bermaganmiz. Men ularga 2 trillion so‘m beryapman. Men hali sizlarga ko‘p narsalarni aytolmayman. Bizning yer osti boyliklarimiz juda ko‘p. Lekin unga nima kerak? Mutaxassis, geolog kerak. Geolog yo‘q bizda”, — degandi Shavkat Mirziyoyev 20-yanvardagi tadbirda.

Shuningdek, davlat rahbari “SSSR vaqtida O‘zbekiston geologiya bo‘yicha hammaga o‘rnak” bo‘lganini ham qo‘shimcha qilgandi. “Hammaga namuna edi. Qanday muzeylarimiz bor edi geologiya bo‘yicha. Qanday akademiklarimiz bor edi, u akademiklarning maktabi bor edi. Qani u maktablar?”, — deya savol qo‘ygandi Prezident.