Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumani Prichulimskiy aholi yashash punkti Svoboda ko‘chasidagi bir qavatli yog‘ochdan qurilgan 1/3-uyda yuz bergan yong‘in qurbonlarining jasadi tanib bo‘lmas darajada kuyib ketgan. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga asoslanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: “Vesti.ru”

“Qurbonlarning jasadlari qorayib, kuyib ketgan hamda tanib bo‘lmas darajaga kelgan. Ularning shaxsi genotipik ekspertiza yordamida aniqlanadi. Ya’ni halok bo‘lganlarning qarindoshlaridan qon namunasi olinadi va tana qoldiqlari namunalari bilan solishtiriladi”, — deyiladi xabarda.

Yong‘in 21-yanvar kuni yuz berdi. FVV qutqaruv bo‘linmasi voqea joyiga yetib kelganida, olov uyni batamom qamrab olgan edi.

Uyning 208 metr kvadrat maydoni yonib ketgan. Yong‘in oqibatida uyning tomi qulab tushgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, ulardan 10 nafari O‘zbekiston fuqarolari.

Ikki kishi yonayotgan uydan qochib chiqishga ulgurgan. Ularga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Yonib ketgan uyda hammasi bo‘lib 14 kishi yashagan. Ular “Grinvud” yog‘och tayyorlash kompaniyasi ishchilari bo‘lgan

Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ko‘p shaxslarning o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, uydagi elektr jihozlarning nosozligi yong‘inning dastlabki sababi sifatida ko‘rilmoqda.