Apple kompaniyasi 2020-yilning fevral oyidan boshlab yangi hamyonbop iPhone’ni ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Foto: Google Images

Ma’lum bo‘lishicha, yangi qurilmaning taqdimoti mart oyida bo‘lib o‘tadi. Bu iPhone SE davridan buyon ishlab chiqarilgan birinchi arzon model bo‘ladi. Bloomberg’ning yozishicha, yangi iPhone’ning tashqi ko‘rinishi 4,7 dyuym ekranli iPhone 8’ga o‘xshaydi.

Agentlikning ma’lumotlariga ko‘ra, yangi modeldagi Touch ID Home tugmasiga joylashtiriladi, Face ID esa qurilmada mavjud bo‘lmaydi. Protsessor iPhone 11’ning protsessori bilan bir xil bo‘ladi. Yangi smartfonning taxminiy narxi ma’lum qilinmagan.

Bloomberg’ning qo‘shimcha qilishicha, 2020-yil davomida Apple 5G’da ishlay oladigan iPhone’ning taqdimotini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Uning protsessori tezroq ishlaydi va orqa tomonida yangi 3D kameralar joylashadi.