Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida yig‘ilish o‘tkazilgan. Bu haqda kengash axborot xizmati xabar qilgan.

Rahmat Mamatov.

Foto “Kun.uz”

21-yanvarda o‘tgan yig‘ilishda “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi lavozimiga shu paytga qadar Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Rahmat Mamatov nomzodi tavsiya etildi.

Foto: “Mahalla” kengashi matbuot xizmati

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi a’zolari tomonidan Kengash raisining birinchi o‘rinbosari — “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi lavozimiga Rahmat Mamatov nomzodi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Shavkat Javlonov.

Foto: Daryo

“Mahalla” kengashi sobiq raisi Shavkat Javlonov endi faoliyatini O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining o‘rinbosari vazifasida davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, 20-yanvar kuni o‘tkazilgan Senat majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Mahalla” kengashi rahbari etib Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov tayinlanishi, u keyin senator bo‘lishini ma’lum qilgandi.

“Yaqinda ‘Mahalla’ kengashining rahbarini ham almashtiramiz. Mahallaning tizimi ham boshqacha bo‘ladi, rahbari ham boshqa bo‘ladi. Biz mahallaning jamiyatdagi rolini kuchaytirmoqchimiz. Shu sababli ‘Mahalla’ kengashiga ham o‘zim ishongan odamni olib kelmoqchiman. Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ini bekorga chaqirganim yo‘q. U hali sizlardek senator bo‘ladi”, — degandi Prezident.

Javlonov “Mahalla” kengashiga 2017-yilning yanvaridan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. Mamatov esa 2017-yil oktabr oyida Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlanganidan buyon IIV tizimida ishlab kelayotgandi.