Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda uydan ko‘chirish haqidagi sud qarori ijrosidan norozi fuqaro o‘ziga o‘tib qo‘yib yuborgani haqida xabar tarqaldi. Kuyish jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Xushnud G‘oyibnazarov opasi “Effect.uz” bilan bog‘lanib, holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: “Effect.uz”

“Ha, ukam kecha kechki soat 18:30 larda o‘z ustidan benzin quyib yoqib yubordi. Janjal bo‘lib ketdi, yonimda ikkita ukam ham bor edi. Mavluda degan advokat opa yonib ketgan ukamga qarab, ‘Sen, shu uyni bo‘shatmasdan meni opamni kasal qilding, ertalabgacha yoki 57 ming (AQSh dollari) ni topasan yoki men seni ijro qilib olib chiqartirib yuboraman. Agar opamga biror nima bo‘lsa, seni uyingni yoqib yuboraman’, deya tajovuz qildi. Ukamni jerkib ham yubordi. Bo‘ldi ketinglar, degan so‘zimizga ham qaramasdan ukamni so‘kib tashlashdi. Shunda ukam ‘opa bir odam o‘lishi kerakmi’, deya savol bersa advokat ayol “o‘lsang o‘laverasan’, degan javobni qaytardi. Ukam benzinni qayerdan oldi bilmayman va qo‘lidagi benzinni o‘zini ustidan quydi-da, gugurt chaqdi. Odam shu baravar yonyapti, biz uch kishi edik, ular ko‘pchilik edi. Hammasi qochib ketdi, biz uch kishi ukamning tanasidagi yong‘inni o‘chira olmayapmiz. 1 metr balandlikda o‘t yondi.

Majburiy ijro xodimlari mashinasiga chiqib, oynasini berkitib oldi. Men shunda ularni oldiga yugurdim va oynagini qo‘limda urib sindiraman desam, qo‘lim yetmadi. Yordam qilinglar desam, hamma ketib qoldi. Meni qanaqadir mashina sudrab ham ketdi.

Keyin mahalla chiqib, o‘tni o‘chirdi, o‘zi ham ukam 6 daqiqa yondi. Ukam 50 foizga kuyib ketibdi, shifokorlar tayyorgarlikni ko‘ringlar dedi, lekin mana hozir yaxshi bo‘lib qoldi deb aytishdi. Ahvoli lekin o‘ta og‘ir. Chunki qizil o‘ngach va yurak atrofi yonib ketgan. Ukam nohaqlikka chiday olmasdan o‘ziga o‘t qo‘yib yubordi. Advokat opa yoqish haqida gapirmaganda balki u o‘zini yoqmasmidi.

Biz musulmonmiz, ammo kimnidir yonayotganini ko‘rsangiz unga yordamlashgani shoshilaman. Inson yonyapti, bunday holatni hayotimda ko‘rmagandim. Qaysi inson, MIB bo‘ladimi, ‘uchastkavoy’ bo‘ladimi odam yonayotganda mashinani haydab ketib qoladi. Axir bu yerda insonning hayoti haqida gap ketyapti. Agar bu yerda ‘uchastkavoy’ bo‘lganida vaziyatni yumshatgan bo‘lardi, ukam o‘zini-o‘zi yoqmasdi ham. Tez tibbiy xodimlari yo‘q edi, hamma mashina ketib qoldi. Ukamni qo‘shnimizning ‘Labo’ mashinasiga yuklab, to‘shakka o‘rab shifoxonaga olib bordik. Ammo to‘shakka o‘raganimizda nafas yo‘llari qisilib qolgan ekan. Men chidolmayapman, haqiqat bor-ku, to‘g‘rimi? Haqiqat bor-ku”.

Ma’lumot uchun, Andijon tumani, Beshbo‘ynoq MFY, Bodomzor ko‘chasi 140-A uyda yashovchi Xushnud G‘oyibnazarov yashayotgan uyi bilan kelib chiqqan muammolar tufayli MIB xodimlari guvohligida ustidan benzin sepib o‘t qo‘yib yuborgan. Voqea kecha, 21-yanvar kuni uning yashash uyi atrofida sodir bo‘lgan. Fuqaro 50 foizdan ko‘proq darajada kuyib ketganligi ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda u shifoxonaning jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati boshlig‘i Farruh Toshpo‘latov Andijondagi voqelik xususida quyidagilarni ma’lum qildi:

“Byuroning Andijon tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqaro Z.G. va uning oila a’zolarini Andijon tumani, Ayrilish MFYda uydan majburiy tartibda ko‘chirish hamda da’vogar M.B.ni ushbu uyga kiritish haqida ijro hujjati mavjud bo‘lib, shu yilning 21-yanvar kuni kechga yaqin mas’ul xodimlar ijro harakatlarini amalga oshirish uchun qayd etilgan manzilga chiqishgan. MIB xodimlari, shuningdek, da’vogar va javobgar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirish jarayonida taraflar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik sabab ijro harakatlari bir kun keyinga — 22-yanvarga qoldiriladi.

Shundan so‘ng, MIB xodimlari va ijro harakati uchun jalb qilingan boshqa shaxslar qayd etilgan manzildan chiqib ketayotgan vaqtida javobgar X.G. o‘ziga benzin sepib, o‘t qo‘yib yuboradi. Oqibatda tanasining 45 foizi kuyib, og‘ir tan jarohat bilan kasalxonaga tushadi.

Ayni paytda holat bo‘yicha Andijon tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda”.