2019-yil tugab, XXI asrning ikkinchi o‘n yilligi ham poyoniga yetdi. Tashqarida allaqachon asrimizning uchinchi dekadasi boshlangan. Xo‘sh, o‘tgan o‘n yillik ilm-fan sohasida qanday muhim yangiliklari bilan yodda qoldi? “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov so‘nggi o‘n yillikning eng muhim o‘nta ilmiy yutug‘i haqida so‘z yuritadi.

2010-yil – ilk “sun’iy hayot”

2010-yil olimlar tabiiy va sun’iy narsalar orasidagi chegarani xatlab o‘ta olgani bilan fan tarixidan joy oldi. O‘shanda Kreyg Venter instituti olimlari tarixda ilk bor sun’iy genomga ega organizmni hosil qilishga muvaffaq bo‘lgandi. Ular Mycoplasma mycoides bakteriyasi uchun sun’iy DNK juftliklarini alohida holda yig‘ib chiqib, keyin uni bunday gendan mosuvo qilingan boshqa bir bakteriyaga joylashtirdi. Natijada ushbu bakteriya sun’iy genom bilan yaxlit organizm ko‘rinishida yashay boshladi va unda belgilangan instruksiyaga ko‘ra harakatlanishga kirishdi. Mazkur sun’iy genomli Mycoplasma mycoides bakteriyasi xuddi tabiiy turdoshlari singari ko‘payib, yashashda davom etdi.

Foto: Google Photos

Olimlar keyinchalik bu boradagi muvaffaqiyatlarini yanada ilg‘or natijalar bilan davom ettirdi. Chunonchi, 2016-yilda endi ular 473 ta gendan iborat birinchi sintetik mikrobni hosil qilgan bo‘lsa, 2017-yilda bakteriyaning naq beshta xromosomasini sintetik analogiga almashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur ilmiy guruhning yakuniy maqsadi – muayyan aniq vazifalarni bajarishga moslab “dasturlash” va boshqarish mumkin bo‘ladigan sun’iy mikroorganizmlarni hosil qilish. Buning natijasida antibiotiklarning faqat zararlangan hujayralarga maqsadli yetib boradigan turlari olinishi yoki oziq moddalar sun’iy o‘stirilishiga erishilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, ilmiy guruh, masalan, go‘shtni laboratoriya sharoitida “o‘stirish” mumkin bo‘lishiga ishonmoqda.

2011-yil – OITS terapiyasi

Hozirda dunyo bo‘yicha OITS bilan zararlanish xatari ostida yashaydigan va ishlaydigan minglab odamlar virusni yuqtirish xavfini kamaytiruvchi preparat qabul qilmoqda. Bu preparat 2012-yilda sotuvga chiqarilgan bo‘lib, uning ilk klinik tajriba yutuqlari 2011-yilda olingan edi. O‘shanda Sciense jurnali tadqiqotni “yil muvaffaqiyati” deb e’tirof etgandi. Preparat OITS virusi odamdan odamga yuqishining oldini olishi isbotlandi. Bu yutuq haqiqatan ham 1994-yildan buyon bu borada erishilgan yagona ilmiy-tibbiy yutuq sifatida muhim (OITS onadan embrionga yuqishining oldini oluvchi preparat 1994-yilda kashf etilgan).

Aslida bu boradagi tadqiqotlar 2005-yilda boshlangan bo‘lib, 2011-yildagi natija bu boradagi oraliq, eng muhim yutuqdir. O‘sha tadqiqotlarning yakuniy xulosasi keyinchalik, 2016-yilda e’lon qilindi va unda aytilishicha, preparat OITS yuqtirish xavfini 93 foizgacha kamaytiradi. Haqiqatan ham katta yutuq!

2012-yil – Xiggs bozoni

2012-yil iyulida Katta adron kollayderida ishlovchi fiziklar jamoasi ilm-fan uchun g‘oyat ahamiyatli kashfiyot qilgani haqida xabar tarqaldi. Ular zamonaviy fizikadagi olam manzarasi modeli bo‘lmish Standart modelga yetishmayotgan elementar subatom zarracha – Xiggs bozonini “tutish”ga erishdi.

Foto: Google Photos

Xiggs bozonini ko‘pchilik “Tangri zarrasi” nomi bilan ham tanigan bo‘lsa-da, uning mavjudligi ilmiy asoslangan 1960-yillardan beri bu boradagi bahslar tinmayotgan edi. Uning mavjudligiga aksar fiziklar ishonsa ham, 50 yilga yaqin vaqt o‘tsa-da, uni birov “ko‘rmagani” katta shubhalarga sabab bo‘lardi.

Xiggs bozoni – elementar zarrachalarga massa bag‘ishlaydigan subatom zarracha bo‘lib, 2013-yildagi tekshirishlar 2012-yilgi natija to‘g‘ri bo‘lgani, ya’ni Xiggs bozoni rostdan ham mavjudligini isbotladi.

Faqat bu kashfiyot fiziklar oldidagi savollarni yanada ko‘paytirdi: ma’lum bo‘lishicha, Xiggs bozoni massasi kutilganidan va hisob-kitoblardagidan biroz yengil ekan. Bu degani, yo hisoblashda xato bor, yo Xiggs bozonining ham har xil turlari bo‘lishi mumkin... Xullas, Adron kollayderi hozirda ushbu masalani yechish bilan shug‘ullanmoqda.

2013-yil – “Voyajer-1” geliosferani tark etdi

Koinotga uchirilganiga 35 yil bo‘lgan “Voyajer-1” sayyoralararo avtomat kosmik stansiyasi nihoyat Quyosh tizimini tark etdi. Aslida bu voqea 2012-yil avgustida ro‘y bergan. Biroq buning ilmiy dalil-isbotlari yordamidagi tasdig‘i faqat 2013-yilda olindi va olimlar bu mislsiz tarixiy yutuq bilan bir-birini tabrikladi. Tasavvur qilib ko‘ring-a, odam qo‘li bilan yasab uchirilgan apparat Yerdan milliardlab kilometr masofaga, yulduzlararo fazoga yetib bordi!

Foto: Google Photos

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, “Voyajer-1” yana 2025–2027-yillargacha Yerga ma’lumot uzatib tura oladi. Keyin esa u butunlayga jim bo‘ladi. Uning bortiga oltin plastina joylangan bo‘lib, unga Yerga oid tasvir, tovush va xaritalar joylangan. Mabodo qachonlardir “Voyajer-1”ni o‘zga sayyoralik ongli mavjudotlar tutib olsa, ular Yer va undagi hayot haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi!

2014-yil – gravitatsiya to‘lqinlari

Hozirda ilm-fan koinot bundan 13,7 milliard yil muqaddam Ulkan portlash oqibatidan vujudga kelgani haqidagi xulosasi ustiga qurilgan. Bunday xulosaga asos bo‘lgan ko‘plab dalillar qatorida, o‘sha portlashning aks-sadosi o‘laroq koinotda hanuz zamon-makon uyg‘unligi mavjlanishi – gravitatsiya to‘lqinlari mavjud bo‘lishi taxmin qilinar edi. 2014-yil fanda bu to‘lqinlar qayd etilishi, ya’ni ularning mavjudligi isbotlanishi bilan yodda qoldi. Bu to‘lqinlar ta’sirida relikt nurlanishning qutblanishi o‘zgargan. Qutblanishning o‘zgarishi fanda B-mod deyiladi. B-modni o‘sha 2014-yilda Antarktidadagi BICEP2 teleskopi qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘shandan buyon gravitatsiya to‘lqinlari biz uchun olam sirlarini bilishdagi yana bir muhim vosita o‘laroq xizmat qilmoqda. Gravitatsiya to‘lqinlari tabiatini o‘rganish orqali astronomlar qora tuynuklarning to‘qnashuv dinamikasi hamda neytron yulduzlarning qa’rida sodir bo‘layotgan hodisalarni tadqiq etmoqda. Boz ustiga, gravitatsiya to‘lqinlari bizga koinotimiz aynan qanday tezlik bilan kengayotganini aniqlashda yordam berishi mumkin.

2015-yil – odam embrionini tahrirlash metodi – CRISP

O‘tgan o‘n yillikning tibbiyot sohasidagi eng katta munozarali va shubhali yutug‘i embrion genlarini tahrirlash texnologiyasi – CRISP usulining yaratilgani bo‘lsa kerak. Ushbu texnologiya muayyan bakteriyalarning himoya mexanizmlarini o‘rganish asnosida dunyoga keldi. Cas9 fermenti bilan bog‘liq va muayyan ketma-ketlikdagi tartib bilan takrorlanadigan genlar to‘plami bu usul uchun “molekulyar qaychi” vazifasini bajaradi.

Foto: Google Photos

Bu usul vositasida olimlar tirik organizmlarning DNKdagi muayyan qismlarni olib tashlab, o‘rniga boshqalarini joylashi mumkin. Bu orqali esa turli irsiy kasalliklar oldini olish va hatto kerakli ko‘rinishdagi bola tug‘ilishini “dastrulash” mumkin. Albatta, masalaning axloqiy tarafi ham mavjud. Umuman olganda, mazkur ilmiy natijani hali katta yutuq deyish ham mushkul. Chunki o‘sha 2015-yilda bu boradagi ilk ma’lumotni e’lon qilgan Xitoyning Sun Yatsen universiteti olimlari tahrirlagan genli embrionlar baribir yashab qolmadi. Shu jihatdan, bu natijani faqat qisman muvaffaqiyatli deyish mumkin xolos.

2016-yil – hayot shakllanishi mumkin bo‘lgan joyda joylashgan ekzosayyoralar

Bizga eng yaqin joylashgan ekzosayyorani astronomlar 2016-yilda aniqladi. Ungacha oraliq masofa “atigi” 4,2 yorug‘lik yilini tashkil qilardi. Eng qizig‘i, u yulduziga shunday qulay masofada joylashganki, o‘sha sayyorada hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli mumkin ekan. Albatta, bu Proxima b deb nomlangan bu ekzosayyorada haqiqatan ham hayot mavjud degani emas. U shunchaki suv suyuq holda barqaror saqlanishi uchun mos harorat sharoitiga ega.

Foto: Google Photos

O‘tgan yillar davomida olimlar bu ekzosayyorada hayot mavjud bo‘lishi ehtimolini keskin pasaytiradigan boshqa omillarni aniqladi. Xususan, uning yulduzidan sayyora tomon kuchli nurlanishlar oqimi yo‘nalgan bo‘lib, bunday kuchli radiatsiya ostida hech qanday hayot shakli yashab qolmagan bo‘lardi. Biroq olimlar xuddi shunga o‘xshash, hayot uchun qulay sharoitlarga ega boshqa ekzosayyoralarni ham aniqladiki, hali tadqiqotlarning qiziq natijalari bizni hayron qoldirishda davom etishi tayin.

2017-yil – qadimiy toshqotgan suyak

Homo sapiens, ya’ni zamonaviy odam, siz bilan biz mansub bo‘lgan tur sayyoramizda kezib yurganiga qancha ming yillar bo‘ldi? 2017-yilda olimlar bu savolga “eng kamida 300 000 yil!” deb dadil javob bera boshladi. Undan avval iymanibgina “200 000 yil atrofida bo‘lsa kerak”, deyilardi.

Foto: Google Photos

Albatta, bunday dadillik uchun kuchli ilmiy asos bor. Chunki 2017-yili olimlar Marokash hududidagi g‘ordan yoshi eng kamida 300 000 yilga teng bo‘lgan beshta odam suyagining toshqotgan namunalarini topdi. Bungacha odamlarning eng qadimgi izlari sifatida Sharqiy Afrika hududidan topilgan qoldiqlar e’tirof etilardi. Shunga ko‘ra, odamzotning beshigi aynan Sharqiy Afrika deb hisoblanardi. Endilikda bilamizki, Afrikaning g‘arbida undan ham yoshi katta odamlar bor ekan.

2018-yil – dastlabki CRISP-chaqaloq

2015-yilgi gen tahrirlash texnologiyasining ilk muvaffaqiyatli qo‘llanishi 2018-yilda yuz berdi. O‘sha yili ilk bor geni tahrirlangan embriondan chaqaloq dunyoga keldi. Bu ishni ham xitoyliklar amalga oshirib, geni tahrirlangan egizaklar tug‘ilganini ma’lum qildi. Ularning aytishicha, CCR5 geni tahrirlangan qizaloqlarda OITSga chalinish xavfi eng past bo‘larmish. Biroq keyinchalik e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, geni tahrirlangan egizaklarda qandaydir noma’lum mutatsiya boshlangan. Ya’ni natija aslida qarama-qarshi bo‘lib chiqmoqda va endi bu egizaklarning taqdiri qanday bo‘lishi ham katta savol ostida. Eng katta masala esa bu ishlarning axloqiy jihati bilan bog‘liq. Odam irsiyatiga, ayniqsa, tug‘ilishi kutilayotgan bolalar taqdiriga sun’iy aralashish qanchalik to‘g‘ri o‘zi? Buning oqibati qanday bo‘ladi? Bu savollar ochiq qolmoqda.

Aytgancha, tadqiqotlarga bosh-qosh bo‘lgan va chaqaloqlarni mutatsiyaga ro‘baro‘ qilgan olimning o‘zi izsiz g‘oyib bo‘lganmish...

2019-yil – tarixda ilk bor qora tuynuk ko‘lankasining fotosurati olindi

Ilm-fanda deyarli yuz yildan beri hammani qiziqtirib kelgan va odamlar orasida vahima uyg‘onishiga sabab bo‘lgan eng sirli obyektlardan biri qora tuynuklarlardir. Olimlar qora tuynuklar mavjudligini avvaliga faqat taxmin qildi; keyinchalik hisob-kitoblar va bilvosita belgilar orqali mavjudligini isbotlashdi ham. Lekin qora tuynuk aslida qanday ko‘rinishda bo‘lishini hech kim ko‘rmagan edi. 2019-yil apreligacha.

Foto: NASA

O‘shanda olimlar nafaqat ilm-fan olamini hayron qoldirdi, ilm-fandan yiroq odamlar o‘qiydigan sayt va gazetalarning ham bosh sahifalarini egallagan suratni e’lon qildi. Bu – tarixda ilk bor olingan qora tuynuk tasviri bo‘lib, o‘shanda astronomlar M87 obyektiga tegishli galaktika markazidagi qora tuynuk ko‘lankasi suratini namoyish qilgan edi. Ushbu qora tuynukning diametri bizning Quyosh tizimimiz diametri bilan taqqoslasa bo‘ladigan darajada katta bo‘lib, endilikda bu ilmiy yutuq egalari qora tuynukning videotasvirini olish ustida izlanmoqda.