15 ming yillik tarixga ega muz tarkibidan fanga noma’lum 28 ta virus topildi. Olimlar namunalarning bakteriyalarini xato bilan zararlantirib qo‘yishni oldini olish uchun o‘ziga xos uslubda tekshiruvlar o‘tkazdi. Bu haqda Live Science xabar berdi.

Foto: Live Science

Dunyodagi eng qadimgi muzlardan birining namunalari 2015-yilda Xitoy va AQSh olimlari tomonidan olingan. Ularni olish uchun Tibetdagi muzni 50 metr chuqurlikda parmalashga to‘g‘ri kelgan.

Namunalarning ustki qismi parmalash va muzni olib kelish vaqtida bakteriyalar bilan zararlangani tufayli tadqiqotchilar namunalarning ichki qismini o‘rgandi. Buning uchun namunalarni Selsiy bo‘yicha 5 daraja sovuq haroratdagi xonaga joylashtirildi va ularning ichki qatlamidan yarim santimetrli bo‘lak olish uchun sterillangan tasmasimon arradan foydalanildi.

Shundan keyin qolgan muz etanol bilan yuvildi va har bir tomonidan 0,5 santimetrdan eritildi. Yakunda olingan namunalar sterillangan suv bilan yuvildi. Shu tariqa olimlar boshqa bakteriya va viruslar bilan zararlanmagan muz qatlamlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadqiqotchilar iqlim o‘zgarishlari butun dunyoda muzlar erishiga olib kelayotgani, jumladan, Tibetda ham ushbu hodisa kuzatilayotgani, shu sababli qadimgi viruslarning namunalari keyinchalik yo‘qolib ketishi mumkinligini bildirgan. Bundan tashqari, noma’lum kasallik qo‘zg‘atuvchilar atrof-muhitga tarqalsa, odamlar hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi ma’lum qilingan.