Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Tashkent City’dagi Xalqaro kongress markazida Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘lladi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat, vazirlik va idoralar rahbarlari, turli soha vakillari, shuningdek, Rustam Azimov ham ishtirok etdi.

1991—1998-yillarda Milliy bank rahbari, 2000—2002-yillarda makroiqtisodiyot va statistika vaziri, 2003—2005-yillarda iqtisodiyot vaziri, 1998—2000-yillarda va 2005—2016 yillarda moliya vaziri, 2007—2016-yillarda bosh vazir birinchi o‘rinbosari, 2016—2017-yillarda bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Rustam Azimov 2017-yil 6-iyun kuni hukumatdagi lavozimlaridan ozod etilib, “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi bosh direktori etib tayinlangan edi.

Qayd etish joiz, Rustam Azimov O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maydonda ham katta mavqega ega, xususan, O‘zbekiston delegatsiyalari rahbari sifatida xorijiy davlat va hukumat rahbarlari qabullarida bo‘lgan, nufuzli xalqaro tadbirlar ishida O‘zbekiston nomidan qatnashar edi. Shuningdek, 2016-yil 8-sentabrida Oliy Majlis deputatlari va senatorlarini Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston muvaqqat prezidenti etib tayinlanishi uchun ovoz berishga chaqirgan edi.

Hukumatdan ketgach, Azimov siyosiy sahnada umuman ko‘rinmay qolgan, o‘z vaqtida u rahbarlik qilgan moliya sohasi bir necha bor keskin tanqid ostiga olingandi.

Rustam Azimovning 2020-yilgi Murojaatnomada ishtirokini ko‘pchilik payqamay qolgan. Bu haqda, xususan, “Qalampir.uz” shunday deb yozadi: “Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov bilan samimiy muloqot qilgan Azimovni qoraygan sochlari bilan ko‘pchilik yo eslay olmadi, yo payqamadi”.

Foto: “Qalampir.uz”