Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasi vaqtida. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, buning yechimi — ichki migratsiyani erkinlashtirishdir.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Shu bois, parlament va Hukumat 2020-yil 1-aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim”, — deya taklif qildi Prezident. Davlat rahbarining ushbu taklifi tadbirga yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

“Bu qarsaklar bu masalaning qanday qiyinligidan dalolat”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezidentning ta’kidlashicha, 30 yil davomida bu masala hal qilinmay, fuqarolarning oyog‘iga kishan qo‘yilgan. “Bu masalani amalga oshirish — bu adolatdan bo‘ladi”, — dedi u.

“Fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining xohlagan joyida bemalol propiskaga o‘tib, xohlagan joyida bemalol ishlash bo‘yicha qonuniy imkoniyatni yaratmas ekanmiz, gap bilan bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.