AQShning Apple korporatsiyasi Yevropa parlamentining mobil telefonlar uchun yagona quvvatlantirish uskunasi joriy etishga oid taklifiga qarshi chiqdi, deb yozadi “Kommersant”.

Foto: Reuters

Quvvatlantiruvchi moslamani o‘zgartirish zarurati Apple’ga har qanday boshqa kompaniyaga qaraganda ko‘proq zarar keltiradi, chunki Android qurilmalari USB-C porti orqali quvvatlanadi, Apple qurilmalari esa Lighting konnektoriga ega.

Apple vakillarining ta’kidlashicha, barcha turdagi quvvatlantiruvchi qurilmalarga nisbatan tartibga solish tizimi “innovatsiyalarni bo‘g‘adi” hamda Yevropada va umuman iqtisodiyotda iste’molchilarga zarar yetkazishi mumkin.

Kompaniya vakillari, shuningdek, Copenhagen Economics konsalting agentligi tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, quvvatlantiruvchi qurilma turini tartibga solishdagi zarar kamida 1,5 milliard yevroga teng bo‘lishi mumkinligini ham aytib o‘tgan.

Yevropa komissiyasi o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida bir xil quvvatlantiruvchi moslamalar joriy etish to‘g‘risidagi qonunni ilgari surishga harakat qilmoqda: 2009-yilda Apple, Samsung, Huawei va Nokia 2011-yilda bozorga kirishga tayyor bo‘lgan quvvatlanturuvchi qurilmalar yuzasidan ixtiyoriy o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi.

Yevrokomissiya vakillari ixtiyoriy yondashuv ish bermayotganini ta’kidlamoqda.