Astronavtlar Kristina Kox va Luka Parmitano kosmosda pechenye pishirgan birinchi kishilar sifatida tarixga kiradi. Ularning vazifasi mikrogravitatsiya sharoitlarida yegulik tayyorlashga mo‘ljallangan pechni Xalqaro kosmik stansiyada sinab ko‘rish edi. Bu qurilma uzoq kosmik parvozlar vaqtida asqotishi mumkin, deb yozmoqda Meduza.

Foto: Meduza

Dekabr oyining oxirida, Rojdestvodan oldin Kox va Parmitano beshta pechenye tayyorlagan. Biroq ular pechenyelarni yeya olmagan, ularni SpaceX kapsulasida Yerga jo‘natish kerak bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, kosmosda pechenye tayyorlash uchun Yerdagidan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Yerda mazkur pechenyeni tayyorlash Selsiy shkalasi bo‘yicha 150 daraja haroratda 20 daqiqa vaqt oladi.

Birinchi kosmik pechenye pechda taxminan 25 daqiqa ushlab turilgan, biroq xamir pishmasdan chiqqan. Ikkinchi pechenye esa 75 daqiqaga pechga qo‘yilgan. U yaxshiroq bo‘lgan, biroq unda ham kamchilik bo‘lgan. To‘rtinchi va beshinchi pechenyelar ko‘rinishi jihatdan eng omadlilari deb tan olingan, ular 120 va 130 daqiqa pishirilgan. Yangi pishgan pechenye hidi birinchidan tashqari barcha pechenyelarda bo‘lgan.

Ichida pechenyelar bo‘lgan SpaceX kapsulasi Yerga 7-yanvar kuni yetib kelgan, biroq tajriba natijalari ikki haftadan so‘ng e’lon qilindi. Kosmosda pishirilgan pechenye yeyish zararli yoki zararli emasligini aniqlash uchun mahsulot laboratoriyada chuqur o‘rganilmoqda.