Yil boshida Xitoyda yangi turdagi koronavirus tarqaldi. Virus pnevmoniya kasalligiga aylanishi oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Virusga chalinish holatlari XXR hududidan tashqariga chiqib, boshqa xorijiy davlatlarda ham kuzatilgan. “RBK” nashri tayyorlagan maqolada koronavirus haqidagi asosiy ma’lumotlar haqida so‘z yuritilgan.

Foto: South China Morning Post

Xitoyda tarqalgan virus haqida nimalar ma’lum?

2019-yil 31-dekabrda Xitoyning Uxan shahrida noma’lum turga mansub pnevmoniya kasalligi paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Kasallikka chalinganlar dengiz mahsulotlari sotiladigan mahalliy bozorda ishlaydigan odamlar edi.

  • 7-yanvarda XXRda pnevmoniyani yangi 2019-nCoV koronavirusi keltirib chiqargani aniqlandi.
  • 20-yanvarda shifokorlar virusning odamdan odamga yuqish xususiyatiga ega ekanligini ma’lum qildi.
  • 26-yanvarga kelib kasallikka chalinganlar soni 2 ming nafardan oshdi.
  • Virus keltirib chiqargan kasallik tufayli 56 nafar odam vafot etgan.

Yaponiya, AQSh, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya, Singapur, Tailand va Malayziyada ham virusga chalingan bemorlar kuzatilgan.

Xitoyning 25 ta viloyatida favqulodda vaziyatlarning eng yuqori darajasi e’lon qilingan. Kasallikning dastlabki holatlari kuzatilgan Uxan shahriga kirish taqiqlab qo‘yilgan. Uxanga qo‘shni Xuangan shahriga kirish va chiqish yo‘llari, ko‘ngilochar va turistik obyektlar yopilgan. Xubey viloyatining o‘nta shahrida jamoat transportining faoliyati to‘xtagan. Shandun viloyati bo‘ylab shaharlararo yo‘lovchi tashish avtobuslari qatnovi ham bekor qilingan.

Pekindagi “Taqiqlangan shahar”(Gugun) saroy kompleksi, shaharlararo avtobus xabarnomasi cheklab qo‘yilgan.

China Post pochta kompaniyasi Uxan shahri bo‘linmasidan o‘tadigan barcha jo‘natmalarni ikkinchi marta dezinfeksiya qilishni boshladi.

XXR hukumati Yangi yil bayrami (25-yanvarda Xitoyda nishonlanadi) tufayli virusning tarqalishi ta’til vaqtida aholi vakillari mamlakat va xorij bo‘ylab sayohat qilishi oqibatida yana tezlashishidan xavotirda ekanini bildirgan. Xitoyda yovvoyi hayvonlarni sotish va olib kelishga vaqtinchalik taqiq qo‘yilgan.

XXR raisi Si Szinpin koronavirusning tarqalishi tezlashishi haqida ogohlantirgan. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo bo‘ylab favqullodda holat e’lon qilishga hali erta ekanini bildirgan.

Bozorlardagi reaksiya

Virus haqidagi xabarlar tarqalgach, Xitoyda o‘z savdo tarmoqlariga ega Yevropa kompaniyalarining, shuningdek, aviakompaniyalarning aksiyalari narxi tushib ketdi. Xususan, Air France, Lufthansa, LVMH va Hermes’ning kotirovkalari tushib ketgan.

Ekpertlar neft narxi tushishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

2019-nCoV koronavirusi o‘zi nima?

Yangi kasallik keltirib chiqaradigan zararkunanda koronaviruslar turkumiga kiradi, ularning bunday nom olishiga mikroskopda ko‘rish vaqtida aylana ko‘rinishi tojni eslatib yuboradi. Avvalgi koronaviruslarning shtammlarining suratlari AQSh yuqumli kasalliklar va allergiya milliy instituti tomonidan e’lon qilingan.

Bu kabi viruslar hayvondan odamga, shuningdek, odamdan odamga yuqishi mumkin. Lekin faqat yettita koronavirus (Xitoydagisi ham) odamlarda kasallik kelib chiqishini qo‘zg‘atadi.

Yangi koronavirus belgilariga respirator alomatlar: isitma, yo‘tal, nafas qisishi, qiynalib nafas olish. Virus asoratlari ta’siri pnevmoniya va buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

Koronaviruslar tufayli kelib chiqqan boshqa kasalliklar

2003-yilda Osiyoda atipik pnevmoniya kelib chiqqan. Mutaxassislar kasallikning og‘ir o‘tkir respirator sindrom (OO‘RS) ekanini tasdiqlagan. Virus havo-tomchi va havo-chang yo‘llari bilan yuqadi. Epidemiya vaqtida kasallik 8 ming nafar odamni (30 ta mamlakatda) o‘z domiga tortgan va unga chalinish oqibatida 900 nafar odam vafot etgan.

2012-yilda Saudiya Arabistonida Yaqin Sharq respirator sindromi nomini olgan infeksiyaga chalinishning birinchi holati qayd etildi. Yetti yil ichida 2,5 ming nafar odam kasallikka chalingan va 800 dan ortiq odam vafot etgan. Kasallarning aksariyati Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgan. Virus asosan tuyadan odamga yuqadi.

Rossiyada nima bo‘lyapti?

22-yanvarda Rossiyada ham koronavirusga chalingan bir necha bemor tekshiruvdan o‘tkazilgan va tashxislar o‘z tasdig‘ini topmagan. 25-yanvarda Irkutsk va Moskvada Xitoy fuqarolarining bir nechasi shifoxonaga yotqizilgan, lekin ularda ham virusdan zararlanish alomatlari kuzatilmagan. “Rospotrebnadzor” ma’lumotiga ko‘ra, hozircha Rossiya Federatsiyasida yangi infeksiyaga chalingan bemorlar qayd etilmagan.

Rossiya chegaradagi nazoratni kuchaytirgan, aeroportlarda Xitoydan kelgan yo‘lovchilar holati tekshirilmoqda. Amur viloyatida yuqori darajadagi safarbarlik e’lon qilingan.

“Rossiyada koronavirusga qarshi dori vositasi ishlab chiqilmoqda”, — deya ta’kidlagan “Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popova.

Rossiya turoperatorlari Xitoyga yo‘llanma olganlarning bekor qilish bo‘yicha murojaatlarini qabul qila boshlagan. Mamlakatdagi dorixonalarda virusga qarshi dorilar va himoya niqoblari sotuvi avjiga chiqqan.

Virusdan qanday himoyalanish mumkin?

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga chalinmaslik uchun nimalar qilish kerakligi borasida quyidagi tavsiyalarni bergan:

  • qo‘llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;
  • yo‘talganda yoki aks urganda og‘zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, yengingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing;
  • shamollash yoki gripp alomatlari bo‘lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo‘lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;
  • tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo‘lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo‘lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo‘ling;
  • taomni, ayniqsa, go‘shtni astoydil pishiring.