“Toshkent” telekanali “Poytaxt yo‘llarida” ko‘rsatuvining jurnalist va operatoriga qo‘pol munosabatda bo‘lgan, shuningdek, yolg‘on ma’lumot bergan Crafers korxonasi ishchisi Abror Sh. ishdan bo‘shatildi. Bu haqda korxonaning Facebook’dagi sahifasida xabar berildi.

Ko‘rsatuvning 2019-yil dekabr oyida tasvirga olingan sonida Crafers reklamasi yopishtirilgan Malibu haydovchisi Toshkentdagi Qoratosh va Samarqand darvoza ko‘chalari kesishmasidagi mashinalar harakatiga xalaqit qilib, transportini yo‘l yoqasida to‘xtatgan.

Ko‘rsatuv ijodiy guruhi kamerasiga tushib qolayotganini sezgan haydovchi kim va nima uchun tasvirga olayotganini so‘ragan. Shuningdek, u shahar hokimidan topshiriq olganini aytgan. “Bu — reklama. Archaga yaqinroq turishi kerak. Shahar hokimi Jahongir aka Ortiqxo‘jayev buyrug‘i bilan kelganman”, — deya jurnalistga o‘shqirgan haydovchi. Birozdan so‘ng u mashinaga o‘tirib, voqea joyidan ketib qolgan.

“O‘zbekistonda qonunlar ustuvor va ularga barcha fuqarolar amal qilishi lozim. Shu o‘rinda, yuzaga kelgan tushunmovchilik va noqulayliklar uchun korxonamiz nomidan uzr so‘raymiz”, — deyiladi Crafers xabarida.