Ekspertlarning fikricha, Xitoyda tarqalgan koronavirusning birinchi tashuvchisi yovvoyi hayvonlar bo‘lishi mumkin. Virusning tarqalish o‘chog‘i Uxan shahridagi bozor — yovvoyi hayvonlardan pishirilgan taomlar sotiladigan joy hisoblanadi, deb xabar berdi “Kommersant”.

Foto: Reuters

Ta’kidlanishicha, yangi virus aynan shu yerdan tarqalgan. Xitoy hukumati koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida yovvoyi hayvonlar savdosini to‘xtatish bo‘yicha buyruq bergan.

“Barcha turdagi yovvoyi hayvonlarni tashish yoki sotish buyruq e’lon qilinganidan boshlab to‘xtatilgan. Milliy epidemik vaziyat tugamagunicha savdolar to‘xtab turadi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Uxan shaharidan tarqalgan koronavirusni hozirda jami 2 ming kishi yuqtirib olgan. Vafot etganlar soni 80 kishiga yetdi. Xitoy raisi Si Szinpin vaziyatni “murakkab” deb atab, kasallikning tarqalishi tezlashganini ma’lum qildi.

25-yanvar, shanba kuni, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov yangi tipdagi koronavirus tarqalayotgan Xitoyning Uxan shahrida bo‘lib turgan 30 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba vatanga qaytarilishini ma’lum qilgan. Undan avval Xitoyda bo‘lib turgan va u yerga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirgan, so‘ngra SSV chegarada sanitar nazorat kuchaytirilganini bildirgan, TIV fuqarolarni xavfli o‘tkir respirator virus yuqtirish xavfidan yana ogohlantirgan, Sog‘liqni saqlash vazirligi 23-yanvar, payshanba kuni, o‘zbekistonliklarning koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyatdan xavotirlanishiga asos yo‘qligini xabar qilgan. 24-yanvar, juma kuni, TIV koronavirus tarqalgan Xitoyning Uxan shahrida 30 nafar o‘zbekistonlik borligi va ularning aksariyati talabalar ekani haqida ma’lumot bergan.