Texasdagi Ostin universiteti olimlari e’lon qilgan yangi tadqiqot natijalari qiziq bir xulosani taqdim etdi: aniqlanishicha, sayyoramizning eng chuqur yer qa’ri qatlamlarida, aniqrog‘i, Yer yadrosining ichki qismida temir qor yog‘adi.

Foto: Google Photos

Yer yadrosi juda ulkan bosim va harorat ostidagi qizigan qaynoq temirdan iborat. Yadro o‘zi ham ichki va tashqi qismlarga bo‘linadi va olimlar aniqlagan “temir qor”, ya’ni mayda temir zarrachalari o‘sha erigan holatdagi tashqi yadrodan ichki yadroga “yog‘adi”. Ichki yadroda esa bu temir zarralari 300 kilometr atrofidagi qalinlikda qatlam hosil qilib, uning butun sirtini qoplaydi. Buni xuddi o‘zga galaktikadagi qish fantaziyasi deb ham tasavvur qilish mumkin; biroq olimlarning o‘zi maqolada oddiyroq misol keltirish bilan chegaralangan. Ta’kidlanishicha, Yer qa’rida bunday “temir qor” yog‘ishi jarayoni vulqonlar ichkarisida qaynoq lavadan toshlar hosil bo‘lishiga o‘xshaydi. Tadqiqot mualliflaridan biri, professor Fu Lin bu haqda “Yerning metall yadrosi ham biz po‘stloq sifatida taniydigan magma kamerasi singari ishlaydi”, deb fikr bildirgan.

Tadqiqotga bag‘ishlangan maqola internetda quyidagi manzilda e’lon qilingan va Solid Earth jurnalining 23-dekabr sonida ham chop etilgan. Qayd etilishicha, izlanishlar jarayonida, shuningdek, Xitoyning Sichuan universiteti professori Yu Jun Chan, Tennesi universiteti dotsenti Nik Diger va Piter Nilsonlar ham ishtirok etgan.

Albatta, tadqiqotlar bilvosita o‘lchashlar va kuzatishlar orqali olib borilgan. Chunki Yer yadrosidan namuna olishning ham, u joyga biror uskuna tushirishning ham iloji yo‘q. Ilmiy ishda olimlar butun Yer qa’ri bo‘ylab tarqaladigan seysmik to‘lqinlarni qayd etish va tahlil qilish bilan shug‘ullangan.

Tahlillar qiziq bir jarayonni yuzaga chiqardi. Aniqlanishicha, Yer yadrosining bugungi kunda qabul qilingan modeli va olingan seysmik to‘lqinlar natijalari bir-biri bilan muvofiq kelmagan. Xususan, to‘lqinlarning tashqi yadro asosi orqali o‘tish tezligi hisob-kitoblardagidan ko‘ra sekinroq ekani aniqlangan bo‘lsa, qolaversa, to‘lqinlar sharqiy yarimshar tarafdagi ichki yadroning yuqori qismidan harakatlanayotganda sezilarli tezlashadi. Bunday nomuvofiqliklarni izohlash uchun tadqiqotchilar yuqorida aytilgan “temir qor” yog‘ishi hodisasini taklif qilmoqda.

1960-yillarda Braginskiy ismli olim yadroning ichki va tashqi qatlamlari orasida suspenziyaga o‘xshash tarkibli oraliq bo‘lsa kerak degan fikrni bildirgan edi. Biroq yadrodagi ulkan bosim va harorat sharoitlari haqidagi qarashlar tufayli bunday fikr inkor qilingan. Endilikda professor Chan boshchiligidagi ushbu ilmiy guruh tadqiqoti orqali aslida yadroda kristallanish hodisasi haqiqatan ham bo‘lishi mumkin ekanini va tashqi yadro quyi qismining 15 foizgacha qismi temir kristallari ko‘rinishida bo‘lib, ular ichki yadroga tushib kelishini ko‘rsatdi.

“Bu, albatta, mulohaza uchun mavzudir, ichki yadro va tashqi yadro orasi, demak, sharqiy yarimsharda yupqaroq, g‘arbiy yarimsharda qalinroq bo‘lishi mumkin. Bu qatlamlar oraliq masofasi esa aynan biz kuzatgan seysmik aberratsiyani keltirib chiqarishi mumkin”, degan Chan.

Maqolada temir kristallanish jarayoni yuqori magmatik qavatlarda sodir bo‘ladigan, minerallarning kristallanishi va kumulyativ jinslarning hosil bo‘lishi jarayoni bilan qiyosan tushuntirilgan. Yer qa’rida tashqi yadroning asta-sekinlik bilan yupqalashib borishi va o‘sha “temir qor” evaziga ichki yadro tobora qalinlashishi sodir bo‘ladi.

Xo‘sh, bu jarayonlarni chuqurroq o‘rganish bizga nima uchun kerak? Yer yadrosi tabiati butun sayyora uchun juda muhim. Yadro sayyoramiz magnit maydonini hosil qilishdan boshlab uning “ichidan isishi” jarayonini hamda plitalar tektonikasi jarayonlarini boshqarishi bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir. Ushbu jarayonlar esa butun Yer yuzidagi hayot barqarorligi uchun mislsiz ta’sirga ega.

Tadqiqotlar Xitoy tabiiy fanlar Milliy fondi, Jekson Yer ilmlari oliy maktabi, hamda yana qator fondlar tomonidan moliyalashtirilgan.

Muzaffar Qosimov