Yaponiyalik milliarder Yusaku Maedzava SpaceX kompaniyasining kemasida Oyga parvoz qilish uchun hamroh tanlashni rejalashtirgan realiti-shouni bekor qilishini e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: Meduza

44 yoshli Maedzava o‘z qarorini “shaxsiy sabablar” bilan izohladi. Shu bilan birga milliarder bu uning shaxsiy qarori ekanligini aytib, sabablarga oydinlik kiritmagan.

Milliarder shouni jonli efirda namoyish etishni rejalashtirgan AbemaTV telekanalidan hamda tanlovda ishtirok etish uchun yozilgan ayollardan uzr so‘radi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shouda ishtirok etish uchun 27 722 nafar ayoldan ariza kelib tushgan.

Maedzava SpaceX kompaniyasining birinchi kosmik sayyohi bo‘lishi 2018-yilning kuzida ma’lum qilindi.

Rejaga muvofiq, u 2023-yilda Oy atrofida Starship kemasida parvoz qiladi.

Kema Yerning yo‘ldoshiga yaqinlashadigan minimal masofa 200 kilometr bo‘ladi. Maedzava ushbu sayohat uchun qancha to‘lagani noma’lum. Biroq SpaceX rahbari Ilon Mask milliarderning ushbu safar uchun juda ko‘p pul to‘laganini aytgan.

Dastlab Maedzava o‘sha paytda uchrashib yurgan aktrisa Ayame Goriki bilan parvoz qilishni rejalashtirgandi. Biroq juftlik ko‘p o‘tmay ajrashib ketdi hamda milliarder realiti-shou o‘tkazib, o‘ziga hamroh tanlashini e’lon qildi.

Hozirda Maedzavaning daromadi ikki milliard dollar deb baholanadi. U bu pullarni 1998-yilda asos solgan Zozotown onlayn-do‘koni orqali ishlab topgan. Hozirgi kunda ushbu sayt Yaponiyadagi kiyim sotish bo‘yicha eng yirik onlayn-maydon hisoblanadi.